O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarim yilligida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan 4 195 nafar shaxs ushlangan. Bu haqda AOKAda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ushbu davr mobaynida 1 tonna 882 kilogramm giyohvandlik vositalari hamda 894 255 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan. 15 yanvar – 15 fevral kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” profilaktik oyligi doirasida 50 mingdan ziyod tadbir tashkil etilib, ularga 2 milliondan ortiq fuqaro jalb qilingan. Aholi orasida 838 ming donadan ortiq targ‘ibot materiallari – buklet va flayerlar tarqatilgan.
Profilaktik tadbirlar doirasida 165 998 nafar o‘quvchi va talabalar bilan yakka tartibda tushuntirish ishlari olib borilib, giyohvandlik vositalarining zararli oqibatlari haqida ma’lumot berilgan.
Mazkur oylik davomida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 801 ta holat aniqlangan. Ulardan 567 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 158 holatda esa ma’muriy choralar ko‘rilgan. Noqonuniy muomaladan 21,8 kilogramm giyohvandlik vositalari hamda jami 28,8 ming dona va 26 kilogramm miqdorida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilingan.
Shuningdek, giyohvandlik vositalarining reklamasiga oid 1 323 ta “narkograffiti” aniqlanib, ularning barchasi o‘chirildi. Ularni chizgan 6 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.
Ichki ishlar organlariga olib kelingan shaxslardan 266 nafari majburiy, 235 nafari esa ixtiyoriy tarzda davolanishga yuborilgan. Bundan tashqari, internet tarmog‘i orqali narkotik vositalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari kuchaytirilgan. Natijada 75 ta “zakladkachi” bilan bog‘liq holatlarda jami 99 kilogramm 627 gramm giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Giyohvand moddalar savdosi
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, shuningdek, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.
Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.
Izoh (0)