AQSH prezidenti Donald Tramp 15-avgust kuni Xitoy rahbari Si Szinpin Tayvanga bostirib kirmaslikka va’da berganini ma’lum qildi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Tramp Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlarni Ukraina-Rossiya vaziyatiga qiyoslab, shunday dedi:
“Xitoy va Tayvan bilan bog‘liq vaziyat Rossiya va Ukrainadagi holatga o‘xshaydi. Lekin men prezident ekanman bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman. Si menga: ‘Siz prezident ekansiz men bunday qilmayman’, dedi. Men esa buni qadrlayman”.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Si Szinpin Trampga o‘zining sabrli odam ekanini, shu bilan birga, Xitoy ham sabrli davlat ekanini aytgan. Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb biladi va zarur bo‘lsa, kuch ishlatib bo‘lsa ham uni mamlakatga “qayta birlashtirish” niyatida ekanini yashirmay keladi. Tayvan esa bu da’volarni qat’iyan rad etadi. Vashingtondagi Xitoy elchixonasi 15-avgust kuni Tayvan masalasini “Xitoy-AQSH munosabatlaridagi eng muhim va nozik masala” ekanini bildirgan.
“Qo‘shma Shtatlar ‘yagona Xitoy’ prinsipiga va uchta Xitoy-AQSH qo‘shma kommyunikesiga amal qilishi, Tayvanga oid masalalarda ehtiyotkorlik bilan yondashishi va Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik hamda barqarorlikni saqlashi lozim”, dedi elchixona vakili Lyu Pengyu.
AQSH rahbari va Si Szinpin, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri, ilk bor iyun oyida telefon orqali muloqot qilgan edi. Ular aprel oyida ham telefon orqali suhbatlashgan, biroq sanasi ochiqlanmagan. Qo‘shma Shtatlar Tayvanning asosiy qurol-yarog‘ yetkazib beruvchisi va xalqaro hamkori bo‘lib qolmoqda. Biroq ko‘pchilik davlatlar singari, Vashingtonning ham Tayvan bilan rasmiy diplomatik aloqalari mavjud emas.
Izoh (0)