Tesla kompaniyasi AQSHning Ostin shahrida Robotaxi xizmatining ishga tushirilganini e’lon qildi. Haydovchisiz taksi xizmati iyun oyining 22-sanasidan faoliyatini boshladi. Ammo avval va’da qilinganidek, avtonom mashinalar hali to‘liq mustaqil ishlashga qodir emas.

Har bir Model Y avtomobilida kompaniya xodimi “xavfsizlik nazoratchisi” sifatida ishlaydi. U old o‘rindiqdan safar davomidagi vaziyatni nazorat qiladi va kutilmagan holatlarga tezkor javob beradi.
Robotaksi xizmatidan foydalanish uchun esa bir qancha shart va cheklovlar belgilangan:
- xizmat faqat Tesla tomonidan maxsus taklif olganlar — brend tarafdorlari va inflyuenserlar uchun ochiq;
- faqat Ostin shahri ichidagi cheklangan hududda harakatlanadi (robotaksi aeroportlarga bormaydi);

- ish vaqti soat 06:00 dan 00:00 gacha;
- yo‘lovchilar 18 yoshdan katta bo‘lishi kerak;
- buyurtma berish uchun akkauntga bog‘langan kredit yoki debit karta bo‘lishi zarur;
- yomon ob-havo sharoitida xizmat to‘xtatilishi yoki cheklanishi mumkin;
- yo‘lovchilar odobli va hurmatli bo‘lishi shart, har qanday axloqsizlik va qoidabuzarlik robotaksi xizmatidan mahrum qilishi mumkin;

- salon ichida sigaret, veyp, alkogol yoki giyohvand moddalar iste’moli taqiqlanadi;
- umumiy foydalanish uchun mo‘ljallanmagan avtomobil funksiyalarini yozib olish man etiladi;
- har bir safardan so‘ng ilovada baho va fikr qoldirish talab etiladi.
Bu Ilon Mask ilgari va’da qilgan to‘liq avtonom xizmatdan tubdan farq qilsa-da, bunday taksilar texnologiya olamida muhim qadam sanaladi.
Izoh (0)