Ba’zilar paparatsilar va qizil yo‘laklarga to‘la mashhurlik dunyosini tanlasa, boshqalar shov-shuvsiz hayotni afzal ko‘radi. Taniqli insonlarning oilasidagi bu odamlar “falon aktyorning qarindoshi” degan iboradan voz kechgan.

Ledi Gaganing singlisi — rassom va dizayner
Ledi Gaga va undan besh yosh kichik singlisi Natali Germanotta har doim yaqin bo‘lishgan. Natali bolaligidan opasining chiqishlariga hamroh bo‘lgan, keyinchalik esa xonanda liboslarini yaratishda ishtirok etgan. Ular ikkalasi ham katolik maktabida o‘qishgan. Gaganing aytishicha, aynan Natali uning noodatiy uslubini birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan.

Natali nufuzli dizayn maktabini tamomlagan va hozirda kostyumlar bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlaydi. U Born This Way va Joanne gastrol turlari hamda Met Gala liboslarining ishlab chiqilishida qatnashgan. Ammo Natali ommaviy hayotdan yiroq bo‘lishni ma’qul ko‘radi. Unga liboslar chizmasidan tikilishigacha bo‘lgan jarayon ko‘proq zavq bag‘ishlaydi.
Hozirda u Nyu Yorkda yashaydi, o‘zining kichik studiyasini boshqaradi va mustaqil brendlar hamda teatr loyihalari bilan hamkorlik qiladi.
Jozef Faynsning egizak ukasi — yovvoyi tabiat qo‘riqchisi

Jozef va Jeykob Fayns bir zigotali egizaklar, ular atigi olti daqiqa farq bilan tug‘ilgan. Jeykob Norfok grafligidagi aristokrat ser Nikola Beykon yerlarida yovvoyi tabiat qo‘riqchisi sifatida ishlaydi. U ov maydonlarini parvarishlaydi, ekotizimni nazorat qiladi va yovvoyi hayvonlar sonini muvozanatda saqlashga harakat qiladi.
Jeykobning hayoti tonggi barvaqt uyg‘onishlar, dalalarda yurish, ekologlar bilan hamkorlikdan iborat. Jozef ukasining bu tanlovini hurmat qiladi va “Men kino olamiga bordim, u esa haqiqiy tabiat qo‘yniga”, deydi aktyor.
Elizabet Olsenning akasi — komikslar muallifi

“Qasoskorlar” yulduzi Elizabet Olsendan yetti yosh katta bo‘lgan Trent Olsen hozirda 40 yoshda. U bolaligida Meri Keyt va Eshli Olsenga hamrohlik qilib filmlarda rol o‘ynagan, lekin tez orada bu soha unga qiziq emasligini tushungan.
Trent Janubiy Kaliforniya universitetida ingliz adabiyoti bo‘yicha tahsil olib, ssenariy va komiks sohasiga kirib borgan. U fantastika va dahshatli janrlarda ishlaydigan Storm King Productions studiyasida faoliyat yuritadi.
Elizabetning aytishicha, akasi unga tanqidiy fikrlash, estetik did va noodatiy hikoyalarga qiziqishni o‘rgatgan. U vaqti-vaqti bilan oilaviy suratlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish beradi, lekin jamoatchilik e’tiboridan uzoqroq bo‘lishni xohlaydi.
Emma Stounning ukasi — kaskadyor va qahramon

Emma Stoun va aktrisadan to‘rt yosh kichik ukasi Spenser bolaligidan juda yaqin bo‘lishgan. Emma ko‘p bora Spenser o‘ziga ishonch hissini berganini va orzular tomon qo‘rqmay qadam bosishni o‘rgatganini ta’kidlagan.
Spenser aktyorlik o‘rniga kaskadyorlikni tanlagan. U filmlarda xavfli sahnalarni bajaradi: balandlikdan sakrashlar, qulashlar, olov va boshqa sahnalar uning kundalik ishidir.
2015-yilda Spenser Amsterdam—Parij yo‘nalishidagi poyezdda sodir bo‘lgan terrorchilik harakatini to‘xtatgan. U qurollangan hujumchini zararsizlantirgan. Buning uchun unga Fransiyaning “Faxriy legion” ordeni topshirilgan. Keyin esa o‘sha voqealarga asoslangan “Parij tomon poyezd” filmida rol o‘ynagan.
Billi Aylishning akasi — prodyuser

Finneas O’Konnell Billi Aylishning akasi bo‘lib, ular bolaligidan bir xil sohalarga qiziqqan. Finneas Billi Aylishning barcha albomlariga prodyuserlik qilgan, jumladan, When We All Fall Asleep, Where Do We Go? albomi uchun ular beshta Gremmi mukofotini qo‘lga kiritgan. Ular o‘z uylari ichida tashkil etilgan studiyada ishlaydi. Finneas faqat singlisi bilan ishlash bilan cheklanmaydi: u Selena Gomes, Kamila Kabelyo uchun ham qo‘shiqlar yozgan.
Izoh (0)