AQSH migratsiya markazlaridagi O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
30-aprel kuni AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Nyu York – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etildi.
Samolyotda qariyb yuz nafar O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lib, ular Toshkent orqali o‘z mamlakatlariga qaytarildi. Ularning aksariyati AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringani sabab migratsiya markazlarida uzoq oylar davomida qolishga majbur bo‘lgan.
AQSH fuqarolar deportatsiyasini tashkil etgan O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.
“Biz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish uchun samolyot jo‘natishga rahbarlik qilgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Xavfsizlikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishni intiqlik bilan kutamiz”, deyiladi xabarda.
AQSHda noqonuniy bo‘lib turganlar deportatsiya qilinishi
AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni sudsiz deportatsiya qilishga ruxsat bergan. Tramp saylovoldi kampaniyasidayoq muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan. 2025-yil fevralida Kosta Rika O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQSHdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘ldi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonov diplomatik vakolatxonalar O‘zbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama yordam ko‘rsatishini aytdi. 2025-yil fevralida 7 nafari Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelindi. Mart oyi boshlarida yana 10 nafar fuqaro AQSHdan O‘zbekistonga qaytarildi.
Deportatsiya qilinadigan O‘zbekiston fuqarolari soni 975 kishini tashkil etmoqda. Umumiy hisobda, turli davlatlardan 1 445 549 nafar chet el fuqarosi chiqarib yuboriladi. AQSHdan 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.
AQSHda migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilova ishga tushirilgan. CBP Home deb nomlangan mobil ilova noqonuniy migrantlarga hibsga olinmasdan, mamlakatni mustaqil ravishda tark etish imkonini beradi. Ular keyinchalik qonuniy ravishda qaytib kelishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)