O‘zbekistonda haj ziyorati davlat aralashuvi bilan monopol tarzda tashkil etiladi. Xarajatlar smetasi ham yopiq. Jamoatchilik haj safarida ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati va hojilardan undiriladigan pulning qanchasi xarajat qilinishidan bexabar.
Mamlakatda oxirgi besh yilda haj ziyorati narxi 33,3 mln so‘mdan 74 mln so‘mga oshirilgan. Bu yilgi mavsum uchun narxlar hozircha aniq emas, lekin ziyoratchilardan 50 mln so‘mdan badal puli yig‘ish boshlangan. Maqolada O‘zbekiston, qo‘shni davlatlar va aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan mamlakatlardagi haj safari uchun taklif etilayotgan narxlar taqqoslandi.
2024-yilda Saudiya Arabistoniga 1,8 million ziyoratchi haj amalini bajarish uchun borgan (2019-yilda 2,5 million kishi). Shundan 221 854 nafari mahalliy aholi hisoblanadi. Qolgan ziyoratchilarning 63,3 foizi osiyoliklar, 22,3 foizi arablar, 11,3 foizi Afrika davlatlari fuqarolari, 3,1 foizi esa Yevropa, Amerika, Avstraliya va boshqa mamlakatlardan kelgan ziyoratchilardir.
Hojilar orasida markaziy osiyoliklar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ham bor. “Daryo” mintaqada oxirgi besh yilda haj ziyorati uchun ajratilgan kvotalar va narxlar qanday o‘zgarganini o‘rgandi.
Besh yil avvalgi narxlar va kvotalar
Oxirgi besh yil davomida Markaziy Osiyo davlatlarida haj ziyorati narxlari o‘zgarishi turlicha kechgan. 2020 va 2021-yillarda pandemiya bo‘lgan va xorijliklarga Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlangan. 2022-yildan boshlab haj va umra ziyoratlari yana odatiy davom etib kelmoqda.
2019-yilda O‘zbekistonda bir kishining hajga borib kelishi 33,3 mln so‘mdan (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 3879 dollar) tushgan, respublika uchun ajratilgan kvotalar soni 7200 ta edi. Qolgan qo‘shni davlatlarda narxlar quyidagicha bo‘lgan:
- Tojikistonda 3 750 dollar (5 000 ta kvota);
- Qozog‘istonda 4 000 dollar (3 200 ta kvota);
- Qirg‘izistonda 3 000 dollar (5 510 ta kvota).
Turkmaniston esa haj ziyorati uchun narxlar qancha ekani eʼlon qilmagan. Biroq ziyoratchilar soni haqida maʼlumotlar bor. Mamlakatdan 2019-yilda bor-yo‘g‘i 160 kishi haj amalini ado etgan.
Narxlar keskin tebrangan yil
O‘zbekistonda 2022-yilga kelib haj ziyorati narxi keskin (deyarli ikki baravar) oshgan va bir kishilik to‘lov 62 million 900 ming so‘m (o‘sha davr kursida 5 744 dollar) etib belgilangan (jami kvotalar soni esa 10 865 tani tashkil etgan). Bu o‘sha paytda Markaziy Osiyo davlatlari orqasidagi eng qimmat narx edi.
Musulmonlar idorasi narx qimmatlashishiga Saudiya hukumati haj safariga doir qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy etgani, transport hamda boshqa qator xizmatlar qiymati keskin oshganini sabab qilib ko‘rsatgan.
“O‘zbekiston tomoni Saudiya bilan olib borilgan uzoq muzokaralar natijasida ziyoratchilar uchun iqtisodiy paket narxiga lyuks darajasidagi xizmat ko‘rsatishga erishdi va to‘lov uchun o‘rta narxni belgiladi. Ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming dollargacha etib belgilangan.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydi”, deya maʼlum qilgan idora.
Shu bilan birga, tashkilot safar davomiyligi ayrim qo‘shni davlatlar ziyoratchilari singari 14–20 kun emas, 26 kun bo‘lishini qayd etgan. “Bu ham tabiiy ravishda narxlarga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi”, deya bayonot bergan masʼullar.
Diniy ulamo Hasanxon Yahyo Abdulmajid ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida haj amalini 5–6 kun ichida yakunlash mumkinligini aytgan.
“Baʼzi hojilarimiz hajga ertaroq borib, ertaroq qaytadi. Boshqalari kechroq borib, kechroq qaytadi. Bu jarayon tashkilotchilik masalasi bilan bog‘liq.
Yaʼni O‘zbekistondan 10 000 odamni olib borib, ularni kutib olish, haj qildirib yana qaytib yurtga jo‘natish kabi xizmatlarga ko‘p vaqt ketadi. Shuning uchun guruhlar navbati bilan yuboriladi. Bordi-keldi taraddudlari tufayli hajda qolish ko‘proq bo‘ladi”, deydi mutaxassis.
Musulmonlar idorasi bergan maʼlumotga ko‘ra, haj uchun to‘langan mablag‘ ichiga quyidagilar kiradi:
- Haj vizasi;
- Aviabilet (Madinayi munavvaraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys);
- “Zam-zam Pullman”, “Kraun Plaza” (Madina shahrida) hamda “Abroj al-Hidoya” (Makka shahrida) mehmonxonalarida yashash;
- Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
- Hojilarning tibbiy sug‘urtasi;
- 3 mahal issiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
- Madinadagi Uhud tog‘i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
- Makkadagi Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
- 24/7 rejimidagi tibbiy xizmat;
- 24/7 rejimidagi transport xizmati;
- Qurbonlik;
- “Zamzam” suvi (5 litr);
- Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
- Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
- Haj qo‘llanmasi.
Ammo idora mazkur tovar va xizmatlar har biri ziyoratchilar gardaniga necha puldan tushayotganini hech qachon ochiqlamagan. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi har bir ziyoratchidan qancha daromad olayotgani ham yopiqligicha qolmoqda.
Saudiya hukumati tomonidan haj ziyorati uchun hojilardan undiriladigan soliq va xizmatlar tariflari 2022-yilgacha necha puldan edi-yu, 2022-yildan so‘ng necha foizga ko‘tarilganini hech kim bilmaydi. Idora bu borada jamoatchilikka biror marta moliyaviy hisobot bergan emas.
2022-yilga kelib qo‘shni Qirg‘izistonda ham haj ziyorati narxi oshib, 4500 dollarni tashkil etgan. Ziyoratchilarga ajratilgan kvotalar soni keskin qisqarib, 2 766 taga tushirilgan.
O‘sha yili 4000 nafar qozog‘istonlik haj ziyoratini ado etgan. Ularga 14 ta sayyohlik kompaniyasi xizmat ko‘rsatgan. Mazkur kompaniyalar ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun tender asosida tanlab olingan. Hajga boruvchilarga xizmatlar bir necha toifada va turli narxlarda taklif qilingan. Masalan, “ekonom” toifa 3 800 dollar, “standart” esa 4 200 dollar bo‘lgan.
O‘sha yili Tojikistonda bir kishilik haj ziyorati narxi 5 350 dollarga yetgan. Mamlakatga ajratilgan kvotalar soni 2019-yilga qaraganda 1 500 taga qisqarib, 3 500 tani tashkil etgan.
2022-yilda Turkmanistondan 275 kishi haj safariga borib qaytgan. Biroq ochiq manbalarda o‘sha yili haj ziyorati uchun qanday narx belgilangani, xarajatlar smetasiga oid maʼlumotlar topilmadi.

2023-yilgi mavsum
2023-yilda O‘zbekistonda hajga boruvchilar uchun to‘lov miqdori yana oshirilib, 68 million 760 ming so‘m etib belgilangan. O‘sha davr kursida bu 6 000 dollar bo‘lgan (1 AQSH dollari 11 449 so‘m edi). Mavsumda o‘zbekistonlik ziyoratchilarga ajratilgan o‘rinlar soni sezilarli ko‘payib, 15 130 taga yetgan. Bu hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng ko‘p kvota hisoblanadi.
2023-yilda Saudiya Arabistoni Tojikistonga kvotalar sonini keskin oshirgan va 7 000 ta o‘rin bergan. Haj ziyorati narxi bir kishi uchun 59 000 somoni yoki 5400 dollarni tashkil etgan.
Haj mavsumida Qozog‘istonda 4000 ziyoratchi (kvotalar soni o‘zgarmagan) hajga borib kelishi uchun 18 ta sayyohlik kompaniyasi xizmat ko‘rsatgan. Haj ziyorati narxlari bir necha toifalarda 3 000 dollardan 4 500 dollargacha bo‘lgan.
O‘sha yili Qirg‘izistonda bir fuqaro uchun haj safari narxi 3900 dollarga pasaygan. Mamlakatda O‘zbekistondagidan farqli ravishda haj uchun to‘lanayotgan pullar nimaga, qanchadan sarflanishi eʼlon qilingan.
Jumladan, ikki tomonlama parvoz 1 360 dollar, Saudiya Arabistonida turar joy, transport va boshqa xizmatlar bilan bog‘liq xarajatlar 2 080 dollar, Musulmonlar diniy boshqarmasining haj ziyoratini tashkil etish xarajatlari 460 dollarga tushishi oshkor etilgan. 2023-yilda mamlakatga ajratilgan kvotalar soni keskin oshirilgan va 6 000 kishi haj ziyoratiga borib kelgan.
2023-yilda Turkmanistonga ajratilgan kvotalar soni ham ko‘paytirilgan, 2312 nafar odam hajga borgan. Biroq ziyorat xarajatlari maʼlum emas.

O‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar
O‘tgan yili ham O‘zbekistonda haj safarining narxi va xarajatlar smetasi umuman ochiqlanmagan. Narx ayrim Telegram kanallar orqali maʼlum bo‘lib qolgan. Shunday qilib, 2024-yilda O‘zbekistonda haj safari narxi yanada qimmatlab, 73 million 970 ming so‘mga (mavsumdagi kurs bo‘yicha 5 813 dollarga) yetgan. Rasmiylar narx bir yil ichida nima sababdan 5,2 million so‘mga oshirilgani bo‘yicha izoh bermagan.
O‘tgan yili O‘zbekistonga haj safari uchun ajratilgan kvotalar soni 15 000 ta bo‘lgan. Umuman olganda, oxirgi besh yil ichida mamlakatdagi narxlar 33,3 million so‘mdan deyarli 74 million so‘mgacha oshirildi. Agar shuncha miqdordagi mablag‘larni 15 000 kishi to‘lagan bo‘lsa, o‘tgan mavsumdagi haj safariga o‘zbekistonliklar 1,1 trillion so‘m xarajat qilgan bo‘ladi. Bu taxminan 85,3 million dollar degani.
Qirg‘izistonda esa, aksincha, narxlar pasaygan. 2024-yilda respublika aholisi uchun haj safariga borib kelishga 3 750 dollar talab qilingan. Kvotalar soni esa 6 060 ta bo‘lgan. Yuqorida qayd etilganidek, 2019-yilda mamlakat fuqarolari hajga 3 000 dollar evaziga borib kelgandi (umumiy qiymat o‘sishi 750 dollar).
O‘tgan yilda Qozog‘istondan haj ziyorati narxlari 6 343 dollardan 8 000 dollargacha yetgan. Narx bilan birga ajratilgan kvotalar soni ham oshib, 4 524 tani tashkil etgan. Mamlakat turoperatorlari 2025-yilgi haj ziyorati uchun standart tarifini bir kishiga 2,9 million tengedan (5604 dollar) taklif qilmoqda. Lyuks tarif esa salkam 4,4 million tenge (8 384 dollar).
Tojikistonda 2024-yilda haj safari narxi arzonlab, kishi boshiga 5 207 dollardan tushgan. Ajratilgan kvotalar soni ko‘paymagan, yana 7 000 ta bo‘lgan.
O‘tgan yili Turkmanistondan 289 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga hajga borishi uchun prezident Serdar Berdimuhamedov maxsus farmon imzolagan. Ayrim manbalarda haj safari uchun xarajatlar 1 567 dollardan 2000 dollargacha (mamlakatda dollarning rasmiy va qora bozor kurslari mavjud bo‘lib, narxlar bir-biridan keskin farq qiladi) ekani qayd etilgan.

Boshqa davlatlardagi haj ziyorati xarajatlari
2024-yilda Rossiyadan Saudiya Arabistonida 25 ming musulmon haj safarini ado etishi belgilangan. Mamlakatda 10 ta haj operatori faoliyat yuritadi. Shu bois ziyorat narxlari shart-sharoitlarga qarab turlicha belgilanadi. Jumladan, eng arzon narx 4 500 dollardan boshlangan. Rossiyaning ayrim hududlarida narxlar 4 800 dollar, boshqa joyida 5 500 dollar bo‘lgan. Eng qimmat paketlar Moskvada taklif qilinib, 10 000 dollardan 12 000 dollargacha yetgan. Aholi cho‘ntagiga qarab, tanlov qilgan.
O‘tgan yili Ozarbayjonning 1500 fuqarosi haj ziyoratini ado etgan. Ularning har biri Saudiyaga borib kelish uchun 5 850 dollardan to‘lagan.
2024-yilda Turkiyada hajga safari narxi turlicha bo‘lgan. Chunki mamlakatda aholiga turfirmalar xizmat ko‘rsatadi, raqobat bozorida narxlar borasida ham tanlov mavjud.
Safar qiymati xizmat ko‘rsatish sifati, transport, mehmonxona imkoniyatlari va boshqa omillarga bog‘liq bo‘ladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, turklar haj qilishi uchun Makkadagi o‘rta narxdagi mehmonxonaning to‘rt kishilik xonasi 6 615 dollar, uch kishi uchun xona 7 155 dollar, ikki kishilik joy 7 695 dollardan taklif qilingan.
Turkiyada bir kishi haj ziyoratiga borib kelishi uchun o‘rtacha to‘lov 6 500 dollardan tushgan. Makkaga navbatsiz ziyorat esa 11 ming dollargacha yetgan. O‘tgan yili turkiyaliklarga haj safari uchun 37 770 kvota ajratilgan. Eronga esa hajga 87 550 kvota berilgan, mamlakatda haj ziyorati narxi 5 000 dollarni tashkil etgan.
2024-yilda haj safari uchun Saudiya Arabistoni hukumati Pokistonga 180 000 ta, Misrga 35 375 ta, Afg‘onistonga 13 582 ta, Indoneziyaga 221 000 ta, Qatarga 4400 ta kvota kvota ajratgan.
-gb3De5-t.jpg)
O‘zbekistonda haj badalini yig‘ish boshlangan
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot kotibi Ilhom Maʼrupov “Daryo”ga maʼlum qilishicha, ayni paytda bo‘lajak ziyoratchilardan haj safari to‘lovining maʼlum qismi yig‘ilmoqda.
“Hali haj safarining to‘liq narxi aniq emas. Hozirda har bir ziyoratchidan 50 million so‘mdan oldindan to‘lov yig‘ilmoqda. Bu yagona platforma bo‘yicha ikki yildan beri amal qilib kelayotgan tizim hisoblanib, Saudiya Arabistoniga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan miqdordir.
Mazkur mablag‘lar oldindan yig‘ib olinmasa, mavsum kirgach to‘lovlarga ulgurmay qolish mumkin. Albatta, xizmat ko‘rsatish turlari bor. O‘shalar bilan hisob-kitoblar oxiriga yetmadi. Jarayon yakunlangach, umumiy narx chiqadi”, deydi agentlik vakili.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning sentyabrida prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini 24 000 tagacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Ammo 2023 va 2024-yillarda 15 ming nafardan fuqaro hajga yuborilgan. Kvotaning qolgan 9 000 tasidan Musulmonlar idorasi tomonidan foydalanilmagan, turfirmalarga ham bo‘lib berilmagan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyevning aytishicha, O‘zbekiston Saudiya podshohligi haj ziyoratiga ajratgan 24 000 ta kvotadan to‘liq foydalanishga tayyor emas.
“Bu kelajakda sekin-sekin bo‘ladi. Men shu sohada 3 yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor, faqat hajga olib borib kelmayapmiz. Mehmonxona, Mino, Arofat, Muzdalifaga tayyorgarligimiz bor. “Havo yo‘llari”ning tayyorgarligi bor”, degan qo‘mita raisi.
Yuqorida keltirilganidek, Qozog‘istonda ziyoratchilarga sayyohlik firmalari xizmat ko‘rsatadi. Davlat bu imkoniyatni xususiy sektorga bergan. Shu bois narxlar ham odamlarning moliyaviy imkoniyatiga qarab, turlicha belgilangan. Qirg‘iziston esa haj safarining xarajatlar smetasini ochiq eʼlon qilib keladi. O‘zbekistonda na u va na bu masalada o‘zgarish bor. Haj ziyorati hamon monopollashtirilganicha qolmoqda. Aksincha, Diniy qo‘mita haj ziyoratiga turfirmalar orqali bormaslikni zo‘r berib targ‘ib kelib keladi.
Sodiqjon Toshboyev haj ziyoratini tashkil etish turfirmalarga berilmayotganini quyidagicha izohlagan:
“Hozircha Saudiya hukumati haj masalasida faqatgina davlat bilan ishlash tarafdori bo‘lyapti. Ularning talablari shunaqa. Saudiya Arabistoni haj va umra vazirligi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan shartnoma imzolaydi, Musulmonlar idorasi xizmat ko‘rsatib beradi”, degan u.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 75-moddasida: “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi”, deb yozib qo‘yilgan. Lekin davlat tashkiloti hisoblangan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita haj safari kabi dinga oid masalaga bosh-qosh. Bu konstitutsiyaviy normaga qanchalik muvofiq?
Qolaversa, Sodiqjon Toshboyev iddao qilganidek O‘zbekistondan fuqarolarni haj ziyoratiga yuborish vakolati faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga berilganiga ishonish qiyin. Bu haj ziyoratini monopollashtirishdan manfaatdor ikki idora tomonidan o‘z harakatlarini oqlash maqsadida o‘ylab topgan bahona bo‘lishi ehtimoli yuqori. Nega deganda Saudiya tomoni haj ziyoratini tashkil etish bo‘yicha faqat davlat bilan ishlashni istaganda boshqa davlatlarga ham xuddi shunday talabni qo‘ygan bo‘lardi. Amalda esa ko‘plab davlatlarda haj ziyoratini uyushtirish xususiy sektorga berilgan. Yuqorida keltirilgan Turkiya va Qozog‘iston tajribasi so‘zimizni tasdiqlaydi.
Ziyoratchilarni manzilga yetkazish, joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish kabi vazifalar tadbirkorlarga topshirilishi aholi uchun ko‘proq manfaatli bo‘lishi mumkin. Buni umra uchun safarlar erkinlashtirilgani misolida ko‘rdik. Dunyoning ko‘plab davlatlarida, hatto Saudiya Arabistonining o‘zida ham ziyoratchilarga xususiy shirkatlar xizmat ko‘rsatadi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda ham allaqachon mazkur masalani ko‘rib chiqish zaruriyati mavjud. Agar haj ziyorati xizmatlari mamlakatdagi sayyohlik firmalariga shaffof tenderlar asosida bo‘lib berilsa, narxlar va sifat borasida raqobat yuzaga kelishi mumkin. Aholida tanlov imkoniyati vujudga kelish ehtimoli yuqori.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda haj ziyorati uchun masʼul bo‘lib kelayotgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlar idorasi jamoatchilik uchun ochiq va hisobdor bo‘lishi zarur. Har bir ziyoratchi haj uchun to‘layotgan pullari nimalarga sarflanishi, o‘zbekistonlik musulmonlarga safar davomida hamrohlik qiladigan ellikboshi va yuzboshilar, oshpaz va boshqa texnik xodimlar kimning hisobidan Saudiya Arabistoniga olib borib kelinishi, nima sababdan bizdagi narxlar qo‘shni davlatlarnikidan qimmatroq ekanini bilishga haqli, nazarimizda.
Izoh (0)