Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda psixotrop va sintetik dorilar savdosiga chek qo‘yilib, giyohvandlik vositalari manzili tushirilgan “graffiti” yozuvlar yo‘q qilindi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, giyohvandlik va psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tgan 7 kun mobaynida viloyat IIBB va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan jami 78 ta jinoiy holat aniqlandi.
Ushlangan shaxslardan 16,3 kg giyohvandlik vositasi va 1 852 dona kuchli taʼsir qiluvchi dorilar daliliy ashyo sifatida olindi.
Xususan, viloyat IIBB hamda Piskent tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1975-yilda tug‘ilgan shaxs 50 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini xaridorga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Tezkor surishtiruv ishlari natijasida, ushbu shaxsning yashash xonadonidan kelgusida sotish maqsadida saqlab qo‘yilgan, taxminiy qiymati 100 mln so‘mga teng bo‘lgan 911 dona shu kabi dori vositalari borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi.
Bundan tashqari, giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosi bilan bog‘liq internet do‘konlari reklamalari aks etgan 458 ta “narkograffiti” aniqlanib, yo‘q qilindi.
Giyohvand moddalar savdosi
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, shuningdek, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.
Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.
Izoh (0)