Bolalarni tilanchilikka jalb qilish holatlari tizimli o‘rganilmoqda, deb xabar bermoqda bolalar ombudsmani.
Qayd etilishicha, bolalar ombudsmani Ichki ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda respublika hududlarida bolalarni tilanchilikka jalb qilish kabi salbiy holatlarni tizimli tarzda tahliliy o‘rganib bormoqda.
O‘rganishlar bolalarni g‘ayriijtimoiy faoliyatga jalb qilgan ayrim ota-onalar tilanchilikni doimiy daromad manbaiga aylantirib olganini, ayrim holatlarda esa oilalarning og‘ir ijtimoiy ahvoli yoki ota-onalarning ish bilan band emasligi kabi omillar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Aniqlangan ko‘pgina holatlarda tilanchilikka jalb qilingan bolalar majburiy bo‘lgan umumiy o‘rta ta’limdan chetda qolgan. Mazkur holatlarga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilgan.
Tahlil natijasida aniqlangan bolalarning yana tilanchilikka jalb qilinishining oldini olish maqsadida har bir hududda faoliyat yuritayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bu kabi oilalar bilan manzilli ish olib bormoqda.
Ular nafaqat oilalarning ijtimoiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganmoqda, balki ota-onalarning bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish holatiga ham baho bermoqda.
Xususan, og‘ir ahvolda yashayotgan yoki bunday holatga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalar doimiy monitoring qilinib, ular uchun zarur ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish, eng asosiysi, bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Bundan avval Toshkent shahar Yunusobod va Yangihayot tumanlarida tilanchilik qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan edi. Shuningdek, Toshkentning Uchtepa tumanidagi masjidlar atrofi va chorrahalarda o‘tkazilgan reyd davomida tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 26 nafar ayol aniqlangan edi.
Izoh (0)