Hindiston janubidagi Goa shtatidagi ibodatxonada diniy marosim paytida yuz bergan tiqilinch oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Bu haqda NDTV telekanali ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fojia shtat shimolidagi Shirgaon ibodatxonasi yaqinida minglab dindorlar ishtirok etadigan yillik yurish paytida sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ziyoratchilar o‘rtasida to‘satdan vahima boshlangan, odamlar shosha-pisha marosimni tark eta boshlagan, bu esa tiqilinchga olib kelgan.

Voqea joyiga favqulodda xizmatlar va politsiya xodimlari yetib kelgan. Jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Hozirda tergov harakatlari boshlangan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, tiqilinch tartib o‘rnatish va katta olomon ustidan nazoratni taʼminlash bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rilmagani tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin.
Joriy yilning 30-yanvar kuni Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida bo‘lib o‘tgan Kumbha Mela diniy festivalidagi tiqilinch oqibatida kamida 40 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.
Dunyodagi eng yirik festivalda 400 million kishi ishtirok etishi kutilgandi. Tiqilinch oqibatida 60 kishi jarohatlangan. Festivalning asosiy marosimi — suvda cho‘milish bo‘lib, bu nafaqat tanani, balki ruhni ham gunohlardan poklaydi deb ishoniladi.
Ziyoratchilar Gang daryosiga kirishda navbatlarini kutib o‘tirgan, to‘satdan tartibsizlik va tirbandlik yuzaga kelgan. Olomon daryo qirg‘og‘iga qarab yo‘l olgan, odamlar yiqila boshlagan. Falokatga qaramay, festival davom etgan.
Izoh (0)