Xorazmdagi maktabda sinfga kirgan direktor va o‘quvchi qizlar o‘rtasida janjal yuzaga kelgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi direktor jazolanganini ma’lum qildi.

Boshqarma xabarida qayd etilishicha, videodagi holat 2025-yil 7-aprel kuni Qo‘shko‘pir tumanidagi 14-sonli maktab sodir bo‘lgan. Shu kuni maktab direktori dars vaqtida 11-sinf xonasiga kirib, bir necha qizlarni sochini yig‘magani sababli ularning sochidan tortib, tanbeh bergan va buning ortidan ularning biri bilan janjallashib ketgan.
Holat yuzasidan maktab direktori vakolatli tashkilotlar tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, pedagogga xos bo‘lmagan harakatlari uchun hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Maktabdagi janjallar
21-aprel kuni Toshkentdagi maktabda ikki o‘quvchi janjallashib, ulardan biri tan jarohati olgandi. Jabrlangan bola shifoxonaga yotqizilgan. 9-aprel kuni Toshkentdagi maktabda direktor va o‘quvchining ota-onasi o‘rtasida janjal yuzaga kelgandi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi maktabda 29-fevral kuni direktor va o‘qituvchi ayol soch yulishib janjallashgandi.
2024-yilning sentyabrida Toshkentdagi maktabda 6-sinf o‘quvchisini urgan ayolga jazo tayinlanib, maktab direktori ishdan olingandi. O‘sha yilning mayida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda direktorga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgandi.
Izoh (0)