Shavkat Mirziyoyev Samarqandda buyuk alloma Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“ ‘Kalom ilmining sultoni’, ‘Musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchi’ degan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan Imom Moturidiy o‘rta asrlarda – g‘oyaviy kurashlar avj olgan o‘ta murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ochib beradigan noyob ilmiy-ma’rifiy asarlar yaratgani, turli zararli oqimlar va jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani, hech shubhasiz, chinakam ma’naviy jasorat namunasidir.
Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti esa e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotgani tahsinga sazovordir.
Bu o‘lmas ta’limot muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalarini soxtalashtirish, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga qaratilgan buzg‘unchi harakatlar yangi shakllarda davom etayotgan bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib borayotganini, siz, hurmatli anjuman ishtirokchilari albatta yaxshi tushunasiz va biz buni yuksak qadrlaymiz”, deyiladi tabrikda.
Prezident islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini, O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalar nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatayotganini qayd etib o‘tdi.
Davlat rahbari Imom Moturidiyning hayot yo‘li va ilmiy merosi, ushbu ta’limotning bugungi kundagi ahamiyatini yanada chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasini keng nishonlash haqida qaror qabul qilinib, bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, mutafakkirning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini kengaytirib, yanada obod ziyoratgohga aylantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
2020-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilarining taklifi asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgandi. Shavkat Mirziyoyev yaqinda imzolangan farmonga muvofiq, ushbu markaz Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etilganini alohida qayd etib o‘tdi.
Davlat rahbari ushbu markaz Imom Moturidiyning islom dini ravnaqiga qo‘shgan hissasi va moturidiylik ta’limotini chuqur tadqiq etishda dunyoning turli mamlakatlaridagi olim va ulamolarni birlashtiradigan xalqaro platforma bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiylar, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunos mutaxassislar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashmoqda.
Izoh (0)