Davronbek Maxsudov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Davronbek Maxsudov 2004–2012-yillarda prezidenti devoni xodimi, 2012–2018-yillarda Toshkent islom universiteti ilmiy kotibi, magistratura bo‘limi boshlig‘i, Islomshunoslik kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 2018–2020-yillarda esa O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO kafedrasi mudiri hamda hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori sifatida ishlab kelayotgandi.
Avvalroq Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Muzaffar Komilov, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori bo‘lib qolishi aytilgandi.
Prezident maslahatchisi lavozimini egallab kelgan Shoazim Minovarov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari sifatida faoliyatini davom ettiradi.