Taniqli xonanda Dilfuza Ismoilova firibgarlik oqibatida 80 ming dollarga chuv tushishgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan sud jarayoni yakunlandi.

Toshkent shahar sudlarining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, sudlanuvchi M.J.dan jabrlanuvchi Dilfuza Ismoilova foydasiga 80 000 AQSH dollari hukm chiqarilgan kundagi so‘mga nisbatan qiymatda, ya’ni 1 mlrd 035 mln 848 ming so‘m, yetkazilgan moddiy zarar miqdori undirilishi belgilangan.
Sudlanuvchidan faqat Dilfuza Ismoilova emas, boshqa fuqarolar ham jabrlangan. Xonandaning advokati Zebo Komilovaning so‘zlariga ko‘ra, sudlanuvchi avvaliga xonandaning “gap”iga qo‘shilgan. So‘ngra o‘zini sitrus mevalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor sifatida ko‘rsatib, uning ishonchiga kirgan.
U chetdan kelayotgan sitrus mevalarning har bir yuk mashinasidan 25-30 ming foyda olayotganini aytgan. Bunga ishongan Dilfuza Ismoilova “Men ham biznes boshlamoqchi edim, yaxshi reja ekan, pul tikaman” degan. Ular foydani teng bo‘lishga kelishgan. Shu tariqa xonanda sudlanuvchining tuzog‘iga tushib qolgan.
U Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va 6 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Kuni kecha Shukrullo Isroilovning mashinasini olib qochgan yigitga sud hukmi o‘qilgan edi. Sudda qiziqchining o‘g‘li sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan. Sud hukmi bilan aybdor 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)