1945-yil 30-aprel kuni Adolf Gitler shaxsiy bunkerida o‘z joniga qasd qilgan. O‘limidan bir kun oldin esa o‘zining qismatiga sherik bo‘lgan Yeva Braunga uylangan. “Xolokost me’mori” o‘z jasadini yoqib yuborishni vasiyat qilgan. Gitlerning so‘nggi soatlari qanday o‘tgani haqida “RBK” maqola tayyorladi.

1945-yil 16-yanvarda Adolf Gitler havo hujumlaridan qo‘rqib, Berlinda o‘zi uchun maxsus qurilgan bunkerga ko‘chib o‘tdi. Yer ostidagi majmuaning 20 ta xonasi bo‘lib, umumiy maydoni taxminan 250 kvadrat metrni tashkil etgan. Bunkerdan uchta chiqish yo‘li bor edi: Tashqi ishlar vazirligi binosiga, imperiya kanselyariyasi va uning bog‘iga.
15-martgacha Gitler vaqti-vaqti bilan ko‘chaga, o‘z kabinetiga chiqib turgan. Mart oyining o‘rtalaridan to umrining oxirigacha bunkerni faqat bir marta — 20-aprelda o‘zining 56 yoshga to‘lishi munosabati bilan tark etgan. O‘sha kuni uning hayotidagi so‘nggi film suratga olingan. 22-aprel kuni Yozef Gebbels oilasi bilan Gitlerning bunkeriga kirgan.
“Bunkerda o‘lik sukunat hukm surardi”
Gitlerning shaxsiy qo‘riqchisi Roxus Mish uning bunkerda o‘tkazgan vaqtini shunday tasvirlaydi:
Atmosfera... og‘ir, zimiston va mutlaqo noqulay edi. Namgarchilikdan qutulishning iloji bo‘lmasdi. Shunga qaramay, umuman olganda, bunkerda yashash sharoitlari, menimcha, yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olganda, durust edi...Urushdan keyin ko‘pchilik aytganidek, u yerda ichishmasdi. Ba’zan kimdir o‘ziga bir stakan spirtli ichimlik quyib olardi. Faqat so‘nggi kunlarda biroz bo‘shashganimni sezdim.
Sovet armiyasi esa hujumni davom ettirmoqda edi. 21-aprelda qo‘shinlar Berlin atrofiga kirib keldi, 23-24-sanalarda ular allaqachon shaharda edi. 26-aprelda Berlin markaziga hujum boshlandi va 28-aprelga kelib qo‘shinlar allaqachon shaharning bir qancha tumanlarini bosib olgan edi. Aynan shu kuni Italiyada partizanlar tomonidan Benito Mussolini qatl etildi — uning jasadi bosh tomoni pastga qaratilgan holda osib qo‘yildi va kuchli darajada tahqirlandi.

O‘z ahvoli abgor ekanini anglagan Gitler 28-aprelda ikkita vasiyatnoma — siyosiy va shaxsiy vasiyatnoma matnini aytib yozdirdi. 29-aprelga o‘tar kechasi esa fyurer bunkerning kichik majlislar zalida Yeva Braun bilan nikohdan o‘tdi.
Men Berlinda qolishga va fyurer hamda reyxskansler qarorgohini saqlab qolish imkonsiz bo‘lgan paytda o‘z ixtiyorim bilan shu yerda o‘limni tanlashga qaror qildim... (Men) qo‘rqoqlarcha qochishdan, ayniqsa taslim bo‘lishdan ko‘ra o‘limni afzal bildim, deya Gitler aytib turgan.

Shaxsiy vasiyatnomasida u shuni qo‘shimcha qilgan:
Bizning (xotinim bilan) istagimiz shuki, jasadlarimiz darhol shu yerda yoqib yuborilsin, chunki men o‘n ikki yil davomida kundalik ishimning asosiy qismini aynan shu joyda bajarganman.
Roxus Mish 29-aprelga o‘tar kechasi bo‘lgan voqeani quyidagicha yodga oladi:
Bu yakun edi. Bunkerni qo‘rg‘oshindek og‘ir sukunat bosib turgandi, haqiqiy beton sarkofag kabi mutlaq, tobut sukunati hukm surardi. Yaqin soatlar ichida Gitler o‘z joniga qasd qilishiga hech kim shubha qilmasdi. Har birimiz uning o‘limidan keyin bizga qanday qismat yozilgani haqida o‘ylardik. Germaniya armiyasidan — undan qolgan qismlardan — kelayotgan xabarlar, asosan, sovet qurshovini yorib o‘tishga bo‘lgan barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanganini bildirardi.

Ikkalasi ham o‘lik edi
30-aprel kuni soat taxminan uch yarimda (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, soat 15:50 da) Gitler o‘z joniga qasd qildi.
Shu “mehmonxona” deb ataladigan xona ichida men uning harakatsiz jasadini ko‘rdim. Men undan olti metrcha narida edim. Gitler stol yonidagi divanda boshi ko‘ksiga tushgan holatda o‘tirardi. Uning yonida oyoqlarini yig‘ib, tizzalariga engashib Yeva Braun o‘tirardi, deydi Roxus Mish.

Fyurerning xizmatkori Xayns Linge o‘z xotiralarida porox hidini sezganini yozgan, shundan so‘ng Martin Bormanni chaqirib, u bilan Gitlerning xonasiga kirgan.

Adolf Gitler va Yeva Braun divanda o‘tirishardi. Ikkalasi ham o‘lgan... Uning boshi devorga biroz egilgan edi. Divan yonidagi gilamga qon sachragandi. Uning o‘ng tomonida xotini o‘tirardi. U oyoqlari divanga cho‘zilgan holda yotardi. Xotinining bujmaygan yuzidan qanday o‘lganini anglab olish mumkin edi... Faqat keyinroq, ruslar mendan bu haqda so‘raganlarida, Gitlerning yuzini yaqindan ko‘rmaganim va o‘q qanday jarohat yetkazganini ayta olmasligimni tushundim. Mening asosiy maqsadim bu ishni tugatib, tezroq g‘oyib bo‘lish edi.
“Gitlerning jasadi qani?”
O‘z joniga qasd qilgandan keyin fyurerni polga yotqizib, adyolga o‘rab, orqa eshikdan reyxskanselariya bog‘iga olib chiqishgan. Xayns Lingening xotiralariga ko‘ra, bog‘da Gitler va uning xotinining jasadlariga benzin quyib yoqishga urinishgan, ammo kuchli shamol va to‘xtovsiz sovet artilleriyasi o‘qlari ularga xalaqit bergan. Oxir-oqibat, jasadlar ustiga qalin qog‘oz to‘plamini tashlab, ularni yoqib yuborishgan.

Linge fyurerning narsalarini yo‘q qilguncha, jasadlar soat yetti yarimgacha yonib turgan. Qoldiqlarni esa snaryad voronkalaridan biriga ko‘mishgan.
Gitlerning o‘limi haqida sovet qo‘mondonligi 1-may kuni ertalab soat 4 larda Yozef Gebbelsning maktubidan xabar topgan. Marshal Georgiy Jukovning shaxsan o‘zi Iosif Stalinning dachasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Uchinchi reyx boshlig‘ining o‘z joniga qasd qilganidan xabar topgan SSSR Oliy Bosh qo‘mondoni shunday xitob qilgan:
O‘yinni tugatdi, yaramas. Afsuski, uni tiriklayin qo‘lga tushirolmadik. Gitlerning jasadi qani?
Jasad yoqib yuborilganini bilgach, Stalin “so‘zsiz taslim bo‘lishdan tashqari hech qanday muzokaralar olib bormaslik”ni buyurgan. 1-may kuni bunkerda Yozef Gebbels va uning rafiqasi o‘z jonlariga qasd qilgan. Ular bilan birga oltita farzandlari ham halok bo‘lgan.

Jasadlar kulga aylantirilib, daryoga tashlandi
2-may kuni sovet askarlari shturm bilan bunkerni egalladi. O‘sha kuni kechqurun Gebbels va uning xotinining jasadlari topildi. 5-may kuni esa chuqurdan Adolf Gitler va Yeva Braunning kuygan jasadlari aniqlandi. Fyurerni faqat tishlaridan tanib olishdi.
Gitler va Braunning qoldiqlari bir necha bor qayta ko‘milgan. Dastlab, 1945-yil iyun oyida Ratenov shahri yaqinidagi o‘rmonda, keyin 1946-yil 21-fevralda Magdeburgdagi harbiy shaharcha hududida. 1970-yilda harbiy shaharchani nemis hukumatiga topshirishga qaror qilindi va 4-aprel kuni fyurer va uning rafiqasining jasadlari qazib olinib, yoqib yuborildi, so‘ngra kulga aylantirilib, Biderits daryosiga tashlandi.

Gitlerning yagona saqlanib qolgan qoldiqlari — tishlari va bosh suyagining bir qismi — Federal xavfsizlik xizmati arxivlarida saqlanadi. 2018-yilda o‘tkazilgan mustaqil tadqiqot doirasida Rossiyada saqlanayotgan qoldiqlar haqiqatan ham Adolf Gitlerga tegishli ekani tasdiqlandi.
Izoh (0)