Samarqandda ko‘p qavatli uyning penthaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilganligi aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, aholi murojaatiga asosan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahri “Sug‘diyona” mahallasidagi 67-A sonli ko‘p qavatli uyning 10-qavati — penthaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilganligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, ushbu qurilma ko‘p qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan bo‘lib, seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, uyning mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin.
Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan maʼmuriy jarimalar qo‘llanildi va noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.
“Berilgan vaqt ichida mulkdor holatni o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi holatiga qaytarmasa, unga nisbatan tegishli tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga davo arizasi kiritilishi tushuntirildi”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)