Davlat rahbariga kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatida ehtiyojmand insonlar alohida eʼtiborga olinib, moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida bunday oilalarga mehnat, taʼlim, sog‘liq saqlashni kabi sohalarda ko‘maklashilmoqda.
Shu bilan birga, bu juda keng va uzluksiz jarayon bo‘lib, doimiy takomillashtirishni taqozo etadi. Jumladan, kambag‘al oilalarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab, uch toifada qo‘llab-quvvatlash taklif qilinmoqda.
Kambag‘al oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi. “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritish tartib-taomillari qonunchilik hujjati darajasida belgilanadi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi. Bunday insonlar bandligini cheklovchi omillar bartaraf etilib, muayyan daromad topishiga sharoit yaratiladi.

Kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi, aʼlo bahoga o‘qiganlar oromgohlarda bepul dam olishi mumkin bo‘ladi. Kambag‘al oiladan chiqqan aʼlochi talaba-qizlarga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi.
Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash choralari haqida ham axborot berildi.
Unga ko‘ra, nogironligi bor insonlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berish, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish, tadbirkorlarga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 500 mln so‘mgacha subsidiya ajratish kabi rag‘batlar ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, elektron savdo maydonchasi orqali nogironligi bor shaxslarga tegishli tovar va xizmatlarni xarid qilish miqdori oshiriladi. Ularga kasb-hunar o‘rgatish uchun texnikumlarda inklyuziv taʼlim guruhlari tashkil etiladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi. Bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, yo‘qotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari takliflarni maʼqullab, ularni tizimli yo‘lga qo‘yish va bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Izoh (0)