Zamonaviy tibbiyotda ultratovush tekshiruvi (UTT) ichki a’zolarning holatini aniqlashda eng xavfsiz va samarali usullardan biri hisoblanadi: apparatdan nurlanish olinmaydi, og‘riq bo‘lmaydi, yosh bo‘yicha cheklov ham yo‘q. Qalqonsimon bez, yurak hamda boshqa ichki a’zolarni vaqtida tekshirish orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish mumkin. Ushbu maqolada qachon va nima sababdan bu tekshiruvlarni o‘tkazish zarurligi haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Nima uchun UTT eng ommabop tekshiruv usuli sanaladi?
- Xavfsiz — sog‘liq uchun zararsiz va qayta-qayta bajarish mumkin
- Tez — natijasi darhol tayyor bo‘ladi;
- Qulay — uskunalari ixcham, hatto uyda ham tekshiruv o‘tkazish mumkin;
- Axborotga boy — ichki a’zolarning holatini real vaqt rejimida ko‘rsatadi.
Qaysi a’zolar UTT yordamida tekshiriladi?
Qorin bo‘shlig‘i a’zolari va buyraklar. UTT yordamida quyidagilarni baholash mumkin:
- Jigar va o‘t pufagi (toshlar, poliplar, yallig‘lanishlar).
- Oshqozon osti bezi (tuzilishi o‘zgarishlari, o‘smalar).
- Buyrak va taloq (kistalar, toshlar va boshqa patologiyalar).
Organlarning hajmini o‘lchashdan tashqari, struktura o‘zgarishlari, yallig‘lanishlar, o‘simta (yaxshi va yomon sifatli), toshlar, o‘t yo‘llari kengayishi, buyrak va siydik tizimi muammolarini aniqlash mumkin.
UTT uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
- UTT dan 2–3 kun avval dukkaklilar, karam, sut, gazli ichimliklar kabi gaz hosil qiluvchi mahsulotlardan voz keching.
- UTT och qoringa qilinadi — tekshiruvdan 6–8 soat oldin ovqatlanmaslik lozim.

Kichik tos a’zolari UTT tekshiruvida quyidagilar aniqlanadi:
- Ginekologik kasalliklar;
- Siydik pufagi holati;
- Erkaklardagi patologiyalar (prostata).
Qalqonsimon bez UTT quyidagilarni ko‘rsatadi:
- Tugunlar, kistalar;
- Yallig‘lanish, organlar o‘lchamining o‘zgarishi.
Yurak UTT (Exokardiogramma)da quyidagilar baholanadi:
- Yurak klapanlari ishlashi;
- Qon aylanishi;
- Yurak bo‘lmachalari o‘lchami.
Ayollar ko‘krak bezining UTT tekshiruvida
- To‘qimalar tuzilishi;
- Qattiqliklar, kistalar, o‘simtalar bor-yo‘qligi;
- Bez to‘qimalarining faolligi tekshiriladi.
Hayz davrining 5–12-kunlarida, gormonal fon barqaror bo‘lgan davrda UTT o‘tkazish natijalar aniqroq bo‘lishiga yordam beradi.

Kichik tos UTT (ayollar va erkaklar uchun 3 usulda o‘tkaziladi):
Qorin orqali (transabdominal) — qulayroq, lekin aniqligi pastroq.
Qin orqali (transvaginal) — ayollar uchun, aniqligi yuqori.
To‘g‘ri ichak orqali (transrektal) — erkaklarda prostata bezini batafsil ko‘rish uchun.
Unga qanday tayyorgarlik kerak?
- 2–3 kun avval gaz keltiruvchi ovqatlardan saqlaning.
- Qorin orqali bo‘lsa, 1–2 soat oldin 1–2 litr suv iching (siydik pufagi to‘liq bo‘lishi kerak).
- Qin orqali bo‘lsa, siydik pufagi bo‘sh bo‘lishi kerak.
- To‘g‘ri ichak orqali bo‘lsa, ichakni tozalash kerak (klizma yoki ichak yumshatuvchi vosita orqali).
Oyoqdagi qon tomirlar UTT
Bu usul oyoqdagi arteriya va venalarni tekshiradi va tromb, qon aylanishi buzilishi yoki boshqa muammolar mavjudligi tekshiriladi. Shuningdek,
Venalar — klapanlar ishlashi, tomir o‘lchami, tromblar bor-yo‘qligi.
Arteriyalar — torayishlar, ateroskleroz belgilari, yashirin patologiyalar aniqlanadi.
Kimlarga tavsiya qilinadi?
- Oyoqlarda shish, og‘riq, bosishda og‘irlik bo‘lsa;
- Varikoz yoki tromboz kasalligiga gumon bo‘lsa;
- Qon tomirlari operatsiyasidan keyin nazorat uchun kerak bo‘ladi.
Muhim eslatma:
UTT natijasi bu aniq tashxis emas, balki faqat bir ko‘rsatkich. To‘liq tashxis uchun laboratoriya natijalari, boshqa tekshiruvlar va shifokor xulosasi kerak.
Muhim: UTT barcha narsani ko‘rsatmaydi.
UTT apparati suyaklar va havo bilan to‘lgan a’zolar (o‘pka, ichak)ni ko‘ra olmaydi, ularni tekshirish uchun KT (kompyuter tomografiyasi), MRT (magnetik rezonans tomografiya) yoki endoskopiya qilish kerak bo‘ladi.
UTT natijasining aniqligi ikki narsaga bog‘liq:
- Uskunaning sifati — zamonaviy bo‘lsa, aniqligi yuqori bo‘ladi;
- Shifokor tajribasi — tasvirni to‘g‘ri talqin qilish juda muhim hisoblanadi.
Tavsiya:
Agar sizga UTT tayinlangan bo‘lsa, yaxshi uskunaga ega klinika va tajribali mutaxassislarga murojaat qiling.
Izoh (0)