Jizzaxda tabiiy gaz ta’minotidan qarzdorlikni yo‘q qilib berishni va’da qilgan gaz ta’minoti bo‘limi xodimi ushlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.

Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. “Sh.Rashidovtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi gazchi xodimi B.P. fuqaro U.T.ning yashash xonadoni tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan bo‘lsa-da, 10 mln so‘m evaziga yangi gaz hisoblagich o‘rnatib, qarzdorligini yo‘q qilib berishini va’da qilgan.
Xodim shundan 1 mln so‘mini olib, qolgan 9 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimi 1 mlrd so‘mdan ortiq elektrni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Samarqanddagi yig‘ilishda elektr va gaz korxonalarining 7 nafar xodimi qamoqqa olingani xabar qilingan.
Izoh (0)