O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kashmirda sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani, jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga samimiy hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi. 22-aprel kuni Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir hududida sodir bo‘lgan otishmada o‘nlab sayyohlar halok bo‘ldi.
Fojia Paxalgam shahrida yuz bergan. Sayyohlar Boysaron vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab ko‘tarilayotganda, qurollangan shaxslar ularga qarata o‘t ochgan. Kamida 27 kishi, jumladan, ikki nafar chet ellik halok bo‘lgani ma’lum. Otishmadan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlari va tibbiyot xodimlari voqea joyiga yetib kelgan. Mahalliy hokimiyat hodisani terakt deb baholamoqda.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakat ichki ishlar vaziri Amit Shoh bilan telefon orqali bog‘lanib, undan zudlik bilan choralar ko‘rishini va voqea joyiga borishni so‘ragan. Shoh teraktga aloqador shaxslar jazosiz qolmasligini ta’kidlagan. U Jammu va Kashmirga “barcha idoralar bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish” o‘tkazish uchun yo‘l olganini aytgan.
Izoh (0)