1977-yili ishga tushirilgan Toshkent metropoliteni ayni kunlarda 450 mingga yaqin yo‘lovchini manziliga eltib qo‘ymoqda. Yo‘lovchilar sonining yil sayin oshayotganiga sabab — metroning yangi bekatlari soni ko‘payib, shaharning Sergeli, Yunusobod, Qo‘yliq kabi aholi gavjum hududlariga kirib borayotganidir. Ayni vaqtda metropoliten tartibli harakati, nisbatan tez va qulayligi bilan ham foydalanuvchilar mehrini qozongan.
Biroq, metro bekatlari va yo‘lovchilari soni oshgani sayin, metro vagonlari, bekatlari va yo‘llarida turli ko‘ngilsizlik, ilgari kuzatilmagan holatlarning ro‘y berishi ham ko‘paydi. “Daryo” Toshkent metropolitenida sodir bo‘layotgan nosozliklar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, qulaylik va kamchiliklarni o‘rgandi.
Bekatlar ko‘paydi. Muammolar ham
2020-yil 29-avgustda “O‘zbekiston” metro yo‘lining Qo‘yliq yo‘nalishidagi yer ustidan o‘tgan, uzunligi 11 kilometr bo‘lgan, yetti bekatdan iborat davomi ishga tushdi. Yil oxirida esa “Chilonzor” yo‘lining Sergeli yo‘nalishidagi davomi foydalanishga topshirildi, u ham, Qo‘yliqdagi metro kabi, yer ustidan o‘tgan. Bu shaharning chekka dahalarida yashaydiganlar, hatto Toshkent viloyatidan ish-o‘qishga qatnaydiganlar uchun ayni muddao bo‘ldi.Biroq ko‘p o‘tmay, vagonlar eshigi yopilmasdan ochiq holda harakatlanishi, butun boshli sostavning ikki bekat oralig‘ida to‘xtab qolishi, poyezdlar to‘qnashuvi va yana shu kabi boshqa holatlar ko‘payib ketdi, boshqachasiga aytganda, yo‘lovchilar xavfsizlik masalasida biroz ikkilanib qoldi. Metro poyezdlarida kutilmaganda favqulodda holat yuz bermasligiga, bekatlarda nosozlik kuzatilmasligiga hech kim kafolat berolmaydigan bo‘ldi. Ayni vaqtda, Toshkent metropolitenida bungacha ham ko‘pchilik e’tibor qaratmaydigan muammoli masalalar talaygina edi.
Chalg‘ituvchi yo‘l ko‘rsatgichlar
Tasavvur qiling, siz Toshkent metropolitenining biror bekatiga yetib keldingiz, lekin vagondan chiqqach, qaysi tarafga yurishni bilmaysiz. Sizga kerakli manzil qaysi tarafda — o‘ng tomondami yo chapda? Tanish manzara, shunday emasmi? Yo‘lini biladiganga qay tomondan chiqish muammo emas. Ammo poytaxtga kelgan mehmon yoki bir o‘zi shahar kezayotgan sayyoh bo‘lsa-chi?Yerosti metro bekatlaridagi yo‘l ko‘rsatgichlar ikki tilda — o‘zbek, rus tillarida yozilgan. Lekin shunda ham o‘sha ma’lumotni o‘qib, yo‘nalishini to‘g‘ri topa oladiganlar kam. Oxiri, bekat nazoratchisi yoki xavfsizlik xodimidan so‘rab, tashqari chiqiladi. Yangi qurilgan bekatlarni hisobga olmasa, eski bekatlarda chet ellik sayyohlar uchun ingliz tilidagi ma’lumotnoma, yo‘l ko‘rsatuvchi belgilar negadir yo‘q.
Metro bekatlaridagi navigatsiyani osongina soddalashtirish mumkin, xohish bo‘lsa bas — Rossiya yo Ukraina kabi yaqin xorij mamlakatlarida ortiqcha urinishlarsiz tatbiq etish mumkin bo‘lgan, ayni vaqtda yo‘lovchilarga katta qulaylik keltiradigan tajribalar juda ko‘p. Masalan, Moskva metropolitenida shahar markaziga qarab ketyapsizmi yo shahar chekkasiga — bekatlar nomini qaysi jins vakili e’lon qilayotganiga qarab, oson ajratib ololasiz. Erkak ovozi e’lon qilsa — markazga ketyapsiz, ayol bo‘lsa — markazdan kelyapsiz.
Metroda tibbiyot xonalari borligidan xabardormisiz?
Yerosti metro bekatlarida kishi sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatuvchi bosim borligi inobatga olinib, ayrim bekatlarda (Toshkent metropolitenining matbuot kotibi Mirakbar Tolipovning aytishicha, u yo‘nalishdan bu yo‘nalishga o‘tish imkonini beruvchi “Ming o‘rik” va “Alisher Navoiy” bekatlarida) yo‘lovchilar uchun tibbiyot xonalari tashkil etilgan, yerusti bekatlarida esa “Bekat navbatchisi xonasi”da birinchi tibbiy yordam uchun maxsus aptechka bor. Ayni vaqtda, metropolitenning barcha ishchilariga favqulodda vaziyatda birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari o‘rgatilgan.Ammo har doim ham kerakli yordamni ololmaysan.
“Daryo” bilan suhbatlashgan metroning doimiy yo‘lovchilaridan birining hikoya qilishicha, 2021-yil 13-oktabrida “Abdulla Qodiriy” bekatida uning ahvoli yomonlashgan. U bekatdagi nazoratchi ayoldan nafas olishga qiynalayotgani, havo yetishmayotgani uchun suv so‘raganida, xodim: “Vaqtim yo‘q! Ishdaman! Ana, ko‘chaga chiqib, do‘kondan sotib olib iching!”, — deb javob bergan. Shunda bekatdagi boshqa nazoratchi ayol yo‘lovchining ahvolini to‘g‘ri tushunib, uni o‘rindiqqa o‘tqazgan, suv bergan, yo‘lovchi o‘ziga kelgunicha uning yonida bo‘lib, ahvoli haqida so‘rab turgan.
Mana shu holatning o‘ziyoq metropolitenning kunlik yo‘lovchilari soni yarim millionga yaqinlashayotgan bir vaqtda tibbiyot xonalari faqat u yo‘nalishdan bu yo‘nalishga o‘tkazuvchi katta bekatlarda emas, balki har bir bekatda tashkil etilishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatib turibdi.
Hojatxonalar-chi, bormi?
Metropoliten xodimining ta’kidlashicha, bekatlarda hojatxonalar bor, lekin faqat xodimlar uchun. Ammo “juda zarur, favqulodda vaziyatlarda” yo‘lovchilarning ham ushbu hojatxonalardan foydalanishiga ruxsat beriladi.Kuniga minglab odamni tashiydigan metroda yo‘lovchilar uchun hojatxonalar hali ham yo‘qligi g‘alati. Bugun bekatlar soni shu qadar ko‘paymoqdaki, yo‘lovchi bir soatlab metroda qolib ketishi mumkin. Deylik, yosh bolasi bilan birga ketayotgan yo‘lovchi mana shunday vaqtlarda hojatxonaga ehtiyoj tug‘ilsa, nima qiladi? Bunday vaziyatda nafaqat oddiy hojatxona, balki ona va bola xonasi ham zarur, aslida.
Masalan, Tokio metrosida bekatlarda ichimlik suv favvorachalari, hojatxona (imkoniyati cheklanganlar uchun ham alohida), ona va bola xonasi, ayollar uchun alohida vagonchalar mavjud. Bularning bari metro xizmatlari qulayligi va samaradorligini oshirsa oshiradiki, aslo kamaytirmaydi.
Yerusti metrosida lift borligi — yaxshi, har doim ham ishlamasligi — yomon
Qo‘yliq va Sergelida qurilgan barcha yangi metro bekatlarida liftlar bor, ular keksalar, homilador ayollar, yosh bolali va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatadi. Lekin aksari har doim ham ishlamaydi. Ayrimlarining kirish joyi qizil tasmalar bilan to‘sib qo‘yilgan. Metropoliten xodimlari buni yo‘lovchilarning liftdan yoppasiga foydalangani uchun qurilmalar ishlamay qolayotgani sabab ko‘rilgan chora, deya izohladi.Ammo yuqorida sanab o‘tilgan toifadagi yo‘lovchilarga liftdan foydalanishga ruxsat borligi ta’kidlandi. Ayni vaqtda, bekatlardagi manzarani kuzatganimizda, liftlardan na nogironlik aravachasidagi shaxslar va na keksalar foydalanganini ko‘rdik. Ularning hammasi bekatga el qatori yo eskalator, yoki zinadan tushib-chiqmoqda.
— Liftlar bor, faqat ishlatishmaydi. Yopib qo‘yilgan. Hayronman, ishlatilmasa, lift qo‘yishning nima keragi bor? — deydi yo‘lovchilardan biri.
— Hamma bekatlarda ham lift yo‘q, shunga sal qiynalaman, — deydi nogironligi bor boshqa bir yo‘lovchisi.
Shuningdek, yo‘lovchilar qatnovi ko‘p bo‘lgan o‘tish joylari — “Amir Temur xiyoboni”dan “Yunus Rajabiy”ga hamda “Ming o‘rik”dan “Oybek”ga o‘tishda pandus (aravachalar uchun maxsus yo‘lak)larning yo‘qligi yoshi katta, imkoniyati cheklangan shaxslar va homilador ayollar uchun chinakam muammo.
Yerusti metro bekatlari nega nomlanmayapti?
Ishga tushirilganiga bir yil to‘lsa hamki, Toshkent yerusti metro bekatlarining hali ham tayinli nomi yo‘q, ularni faqat raqamiga qarab ajratib olish mumkin. Vaholanki, loyihada Sergeli yo‘nalishida qurilgan “1-bekat”, “2-bekat”, “3-bekat”, “4-bekat” va “5-bekat” (hamda qurilishi davom etayotgan “6-bekat”)ning nomlari bor va mos ravishda “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” va “Chinor” edi. Xuddi shuningdek, Qo‘yliq yo‘nalishidagi “2-bekat”, “3-bekat”, “4-bekat”, “5-bekat”, “6-bekat”, “7-bekat”larning loyihaviy nomlari mos ravishda “Ohangaron”, “Tuzel”, “Iltifot”, “Rohat”, “Yangiobod” va “Qo‘yliq” edi.Eng qizig‘i, Toshkent yerusti metrosida “2-bekat”, “3-bekat”, “4-bekat” va “5-bekat”larning ikkitadan bo‘lishi (Do‘stlik va Sergeli yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda – “Daryo” izohi) poytaxt mehmonlari hamda metrodan kam foydalanuvchi fuqarolarni ham chalg‘itadi. Umuman olganda, hozirgi vaziyat metropolitendan doimiy foydalanuvchilar uchun ham juda noqulay. Buni ularning quyidagi fikrlaridan ham uqib olish mumkin:
Nazira opa, 46 yosh: “Menimcha, nomlarni o‘zgartirish kerak. Odamning qulog‘igayam yoqmaydi. Yaxshi nom qo‘yishsa bo‘ladi-ku. ‘Xalqlar do‘stligi’, ‘Novza’ degan chiroyli nomlar bor. Ularni eshitib, bolalikdagi xotiralarimiz, shu yerlarda o‘tgan kunlarimiz esga keladi”.
Dilbar opa, 37 yosh: “Bekatlar 1, 2 deb nomlanganidan qaysi bekatdaligimni bilmay, ba’zan adashib, boshqasiga o‘tib ketaman. Keyin adashganimni bilib, ortga qaytaman. Yerusti bekatlar ko‘rinishi ham bir xil, chalg‘iyman doim. Masalan, yerostidagi ‘Kosmonavtlar’, ‘Mirzo Ulug‘bek’, ‘Chilonzor’, ‘Bodomzor’ kabi bekatlarni e’lon qilmasa ham, shundoq ko‘rishim bilan bilib olaveraman”.
Sharif, 26 yosh: “Metro bekatining nomi uning atrofdagi joy nomlaridan kelib chiqib qo‘yilsa, hamma uchun oson va qulay bo‘lardi. O‘sha hudud ko‘z oldimizga shu bekat nomi orqali keladi. Raqamlarda hissiyot yo‘q, qup-quruq, hech nimani his qilmaysiz. Masalan, ‘7-bekat’ deganda ko‘z oldimga Qo‘yliq bozori kelmaydi”.
Nigora, 25 yosh: “Bekatimni doim adashtiraman. Nechanchi edi-ya, deb o‘tiraman ko‘pincha. Bekatlar dizayni ham bir xil. Shungami, birini ikkinchisidan o‘rindiqlariga qarab ajrataman. Misol uchun, Sergelidagi ‘1-bekat’ o‘rindiqlari beshburchak bo‘lsa, ‘2-bekat’niki qalampirnusxa. Shularga qarab mo‘ljal olaman”.
Yangi qurilgan yerusti metro yo‘nalishlaridagi bekatlar nega hali ham tayinli nomlanmayotgani, raqamlangan bekatlarga qachon nom qo‘yilishi haqida metropoliten matbuot xizmatiga murojaat qilganimizda, bu ish bilan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi toponimik komissiya shug‘ullanishi bildirildi.
Komissiya esa bu masala Vazirlar Mahkamasi huzuridagi geografik (toponimik) obyektlarni muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan hal etilishini ma’lum qildi. Hukumatdagi komissiyaga murojaat xati yo‘llangach, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha shahar komissiyasi orqali quyidagicha javob keldi:
“Toshkent metropolitenining ‘Do‘stlik-2’ – ‘Qo‘yliq’ hamda ‘Olmazor’ – ‘Sergeli’ yo‘nalishlaridagi metro bekatlariga nom berish jarayonlari kun tartibidagi masalalar qatoriga kiritilgan. Ayni paytda, mazkur bekatlarga nom berish bo‘yicha takliflar umumlashtirilayotgani, ekspertiza xulosalarini olish ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz”.Komissiya javobida bekatlarni nomlash masalasi nega kechikayotgani, aynan qachon nomlanishi va bekatlar uchun qanday nom variantlari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilinmagan.
Metro kassalari oldidagi navbatlar
Toshkent metropoliten matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ertalabki va kechki tig‘iz soatlarda yo‘lovchilar oqimi odatiy vaqtdagidan 2–2,5 barobarga oshadi. Bunday vaziyatlarda — avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi joriy etilgani, yo‘l haqini QR-kod vositasida to‘lov tizimlari orqali to‘lash imkoniyatlari paydo bo‘lganiga qaramay — metro kassalar oldida uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ladi.“Hammasi a’lo, juda qulay. Bitta kamchilik bor-da lekin. Sergelidagi bekatlarning kassalari oldida uzun navbatlar hech kamaymaydi. ATTO degan kartaga o‘tayotgan bo‘lsak ham kassa oldi doim gavjum. Kassani ko‘paytirsa, odamlar ertalab ish-o‘qishiga kech qolmasmidi...”, — deydi yo‘lovchilardan biri.
Navbatlar esa nafaqat Sergelidagi bekatlar kassalarida, balki qolgan yo‘nalishlardagi stansiyalarning kassalari oldida ham yuzaga kelmoqda. Bu navbatlarni Sergelidagi “1-bekat”, “2-bekat” va “3-bekat”da tatbiq etilgan amaliyot — kassir o‘tirib, chipta sotadigan qo‘shimcha budkalar o‘rnatish yo‘li bilan yoki rivojlangan mamlakatlardagi kabi chipta sotish kiosklari o‘rnatish yo‘li bilan ham hal qilish mumkin.
Darvoqe, Toshkent metropoliteni kassalar oldidagi tirbandliklarni bartaraf etish maqsadida yo‘lovchilar uchun chegirmali arzon kartalar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan, shu maqsadda alohida so‘rovnoma ham o‘tkazilmoqda.
“Metropoliten — yo‘lovchi” portali qachon ishga tushadi?
Toshkent metropoliteni boshlig‘i o‘rinbosari Abdulaziz Qosimov 2021-yilning 26-avgustida bo‘lib o‘tgan brifingda “Toshkent metropoliteni bir yarim oyda yo‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va, eng muhimi, tezkor muloqotni yo‘lga qo‘ymoqchi” ekani, yaqin kunlarda “Metropoliten — yo‘lovchi” portali ochilishi, ushbu portal orqali barcha yo‘lovchilar metropoliten faoliyati bo‘yicha taklif va e’tirozlarni bildirishi mumkinligini ma’lum qilgandi.Yo‘lovchilar vagonlar va bekatlardagi u yoki bu holatdan norozi bo‘lsa, mayli, norozi ham bo‘lmasin, deylik, ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflari bordir — qayerga murojaat qiladi? Abdulaziz Qosimov aytgan portal bu borada ayni muddao bo‘lardi, albatta. Portal haqida gapirilganiga to‘rt oy bo‘ldi, ammo undan hamon darak yo‘q. Portal masalasiga aniqlik kiritish uchun metropoliten matbuot kotibi Mirakbar Tolipovga murojaat qilganimizda, u ham tez orada javob berishini bildirdi (lekin bu “tez ora” bir haftada ham kelgani yo‘q).
Toshkent metropolitenidagi xizmatlar to‘laligicha qoniqarsiz, sifat darajasi esa haminqadar deyish, albatta, adolatsizlik bo‘lur edi. Ammo ketma-ket ko‘ngilsizliklar kuzatilaversa, yo‘lovchining mushkuli yengillashish o‘rniga og‘irlashaversa, chorasini vaqtida ko‘rgan afzal. Yuqorida sanab o‘tilgan hammaga ma’lum, lekin ko‘pchilik e’tibor bermaydigan kamchiliklarga 2022-yilda, ehtimol, yaqin oylarda ijobiy yechim topish reja qilingandir. Ilinj shuki, va’dalar qog‘ozda, rejalar og‘izda qolmasin.
Mavzuga doir:
- Toshkent metropolitenida yana poyezd eshigi ochiq holatda harakatlandi. Holatga rasmiy izoh berildi
- Toshkent metrosining “Chilonzor” yo‘lidan “Sergeli” yo‘liga o‘tish joyida poyezdlar to‘qnashdi
- Toshkentda metro poyezdi yo‘lovchilar hayotini xavfga qo‘yib ochiq eshik bilan harakatlandi. Metropoliten holat bo‘yicha xizmat tekshiruvini boshladi
- Video: “Novza” metro bekati yaqinida poyezd to‘xtab qoldi, yo‘lovchilar relslardan yurishga majbur bo‘ldi
- Toshkent metrosining “Amir Temur xiyoboni” bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborilganiga izoh berildi
- Toshkent metrosi poyezdida yana nosozlik kuzatildi. Yo‘lovchilar “Toshkent” bekatida tushirib qoldirildi
Izoh (0)