O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov 28-fevral kuni “Daryo” internet-nashriga Ukrainadagi vaziyat va o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha katta intervyu berdi. Quyida elchi bilan bo‘lgan suhbatni to‘liq o‘qishingiz mumkin.
Bugungi tundagi keskinlik (28-fevralga o‘tar kechasi — “Daryo” izohi) avvalgisiga nisbatan sekinroq kechdi. Soat 04:00 da harbiy trevoga bo‘ldi va hozir yana trevoga qaytarildi. Shaharda harbiy amaliyotlar bo‘lib turibdi. Yangiliklarni biz ham sizlarga o‘xshab kuzatyapmiz.
Asosiy maqsadimiz imkon qadar elchixonaning o‘zidan har bir vatandoshimiz ma’lumotlarini olib, ularning muammolarini hal qilish. Bir qism fuqarolar elchixonamizdan boshpana topgani uchun bitta mashinamizni shaharga oziq-ovqat olib kelishga chiqarib yubordik. Bu ham katta muammo bo‘lmoqda. Banklar, to‘lov tizimlari ishlamayapti. Shuning uchun vatandoshlarimizni elchixonada boqishga harakat qilyapmiz.
Xarkov shahrida ham tungi holatda nisbatan keskinlashish pastroq bo‘ldi. Bir xodimimiz u yerdan chiqib ketdi. Imkon qadar oxirgi qolgan talabalar ham olib ketildi, lekin qanchasidir qoldi. Menimcha, bu ularning o‘z shaxsiy tanlovi bo‘lishi mumkin. 99 foiz talabalarni chiqarib yubordik. Ularning yarmidan ko‘pi Polshaga o‘tib bo‘ldi, deb niyat qilaman. Qolganlari o‘tkazish punktida bo‘lishi mumkin. Sababi chegaradan o‘tish vaqti 8–16 soat oralig‘ida bo‘lmoqda. Lekin Xarkovdan asosiy evakuatsiya tugadi. Ukrainaning turli shaharlaridan evakuatsion poyezdlar soni ortmoqda.
Fuqarolarimizga asosiy tavsiyalar va ma’lumotlarni Telegram’dagi guruhimizda qo‘yib bormoqdamiz. O‘sha yerda rasmiy ma’lumotlarni berib bormoqdamiz. Poyezdlarni yurish grafigi har kuni o‘zgarib turibdi, imkon qadar bu haqda ham qo‘shimcha axborot tarqatyapmiz. Asosiy tavsiya — poyezdlar xavfsiz. Misol uchun, poyezd Xarkovdan Lvovgacha 14–18 soatda yetib bormoqda.
Ko‘ngilli kirakashlar Kiyevdagi fuqarolarimiz bilan bog‘lanib, o‘z mashinalarida yoshi kattalar, ayollar va bolalarni vokzalga olib borib qo‘ymoqda. Markazlashtirilgan tarzda vokzalga yetib borilganidan keyin Lvovdagi boshqa ko‘ngillilar guruhi vatandoshlarimizni avtobuslarda Polsha chegarasiga olib bormoqda.
Prezidentimiz pulni ham, kuchni ham, vaqtni ham ayamasdan fuqarolarimizni tezroq olib chiqib ketish topshirig‘ini bergan. Lekin urush vaqtida maishiy muammolar bor, mashinalar yo‘q, yonilg‘i juda tanqis, aloqa ishlamayapti. Vaziyat aslida juda og‘ir.
Elchixonada 3—4 nafar ko‘ngilli telefonlarga javob berib turibdi. Savollar ham turlicha: “Rossiyaga borib ishlasam bo‘ladimi?, “O‘qishimga nima qiladi”, deb murojaat qilayotganlar bor. “Pasportimni ber”, deb oyoq tirab turganlar ham bor. Ularga qochqin maqomi berilgani, bemalol chegaradan hujjatsiz o‘tkazayotgani aytilmoqda. Chegaradan o‘tganidan so‘ng Polshadagi bizning elchixona barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab, odamlarni avtobuslarga o‘tkazib, aeroportga olib bormoqda.
Bugun 240 nafarga yaqin fuqarolarimiz vatanimizga uchib ketadi. Kecha 850 nafarga yaqin fuqarolarimizni chegaragacha olib borib qo‘ydik. Bundan tashqari, piyoda yoki boshqa yo‘llar bilan chegaragacha yetib kelayotgan fuqarolarimiz ham bor. Bizning hisobda turgan 4300 nafar fuqaro bor. Shuningdek, elchixonaga umuman kelmagan va hisobda turmaydigan fuqarolar ham kelib murojaat qilmoqda. Telegram’dagi guruhimizda 2500 nafar odam bor. Ular ham biz tarqatayotgan ma’lumotlarni ko‘rmoqda. Bugungi kunda bizning asosiy vazifamiz koordinatsiya qilish — odamlarni olib borib, bir joyda yig‘ib, keyin olib chiqib ketish.
To‘g‘ri, biz haqimizda salbiy axborotlar ham tarqalmoqda: ovqat bermaydi, kechasi sovqotib qoldik, deganlar bo‘lmoqda. Biz kechasi avtobuslar yurishini tashkil qila olmaymiz. Sababi tunda komendantlik soati tartibi bor. Bunday vaziyatda haydovchilar qo‘rqmoqda.
“Suvning narigi qirg‘og‘ida turibman, ko‘prik buzilgan, meni olib keting”, deb qo‘ng‘iroq qilayotganlar ham uchraydi. Bizning fuqarolarda boqimandalik kayfiyati bor. Metro bor, unga tushib yursa ham bo‘ladi. “Tunda qayerda o‘tiraman, o‘tiradigan joyim yo‘q”, deb aytayotganlar bor. Gohida talab juda yuqori: o‘zining hayotini 4 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi manfaatiga qarshi qo‘yib, “Mening masalamni hal qil”, deganlari ham bor.
Elchixonada to‘rt nafar diplomat, bir nafar “zavxoz”, bir nafar hisobchi va haydovchi ishlaydi. To‘rtta diplomatimizdan bittasi Xarkovdan Lvovga koordinatsiya qilgani ketmoqda. Qolgan ikkita xodimimiz doimiy telefonlarga javob berib turibdi. Bir shifokor ko‘ngilli Temur ismli fuqaromiz o‘zi haydovchilarni uyushtirib, fuqarolarni vokzalga olib kelishga harakat qilmoqda. Buni orasida benzinim yo‘q, degan haydovchilar bo‘lmoqda, ularga yonilg‘i topib berish kerak. Xarkovda mikroavtobusimiz otishmaga tushib qoldi, qoldirishga majbur bo‘ldik. Bunaqa vaziyatlar ham bor. Lekin maqsadimiz bitta — imkon qadar ikki-uch kun ichida 80–90 foiz fuqarolarimizni olib chiqib ketamiz.
Boshida Polsha va Ukraina tomoni ro‘yxat shakllantirib berishimizni va ular “yashil yo‘lak” qilib berishlarini aytishgan edi. Biz ro‘yxat tuzishni boshladik va uni pochtaga kelgan uch mingta xat bo‘yicha shakllantirdik. Gumanitar inqiroz bo‘lgandan keyin bu ro‘yxat bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldi. Polsha odamlarni erkin o‘tkazib yuboryapti. Ukraina hujjatlar talab qilmayapti. Lekin ular “ma’lumotni berdik, nega bizga javob kelmayapti” deyishyapti. Afsuski, bizda har bir elektron xatga javob berib o‘tiradigan xodimimiz yo‘q.
500 nafar atrofidagi fuqaro belgilangan chegara postiga emas, boshqa o‘tkazish postiga ketib qolgan. 150 nafardan ortiq fuqaro esa Moldova davlatiga o‘tib ketgan. Moldovaga o‘tish boshqalarga nisbatan oson bo‘lmoqda, lekin u yerda aviareyslar taqiqlangan. Ya’ni bizning fuqarolar u yerdan ketaman desa, uchinchi davlatlar — Turkiya, Ruminiya yoki boshqa mamlakatlarga chiqib ketishi kerak. Moldovada ham ko‘ngillilar fuqarolarimizga yordam berib turishibdi.
Bizga judayam ko‘p telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lmoqda. Imkon qadar har biriga javob berishga urinyapmiz. Telefon qo‘ng‘iroqlari judayam ko‘pligi sabab, elchixonamizga yordam so‘rab kelganlardan, talabalardan ham yordam olyapmiz. Ular telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishda ba’zan xato-kamchiliklarga ham yo‘l qo‘ymoqda. Shu sabab imkon qadar har bir savolni o‘zim eshitib, nima savol berishyapti va qanaqa javob berildi deya nazorat qilishga urinyapman. Poyezd kelsa, bu ko‘ngillilar ketib, o‘rniga yangilari kelmoqda, lekin ular qo‘ng‘iroqlarga javob berishga tayyor emas. Xato-kamchiliklar uchun uzr so‘rayapmiz.
Hal qilishimiz kerak bo‘lgan moddiy masalalar bor. Masalan, avtobuslar ijarasini to‘lashimiz kerak. Bunday paytda AKFA kompaniyasining vakolatxonasi bizga juda katta moddiy yordam beryapti. Lvovdagi avtobuslar ijarasini ham to‘lab berdi. Biz ulardan judayam minnatdormiz. Ayrim joylarda to‘lovni naqd shaklda berishimizni so‘rashyapti. Diasporamiz vakillaridan ham judayam minnatdorman, ularning o‘zi pul topib, ko‘p masalalarni hal qilmoqda. Ayni paytda 50 kishilik avtobusga 70–80, ba’zan 90 nafarga yaqin odamni chiqazib, bir kunda manzilga to‘qqiz marotabacha borib kelyapti. Shunday qilmasak ham bo‘lmaydi. Odamlarimizni tezroq olib chiqib ketishimiz kerak. Sababi Lvovda odam yig‘ilib qolsa, shahar kichik, bunday holatlarga tayyor emas.
Har bir diplomatimiz harbiy harakatlar boshlanganidan beri tinim bilmayapti. Talabalarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullangan diplomatimiz oxirgi guruh bilan birga Lvovga bordi. Hozir u yerdan elchixonamiz ishini muvofiqlashtiradi. Konsulimiz faqat konsullik masalalari — fuqarolarning hujjati bilan shug‘ullanmoqda. Qamoqdan chiqarib yuborilgan fuqarolarimiz bor. Ular hali nima qilishni bilmay turibdi. Ularning masalalarini yechishimiz kerak. Shifoxonada odamlarimiz bor. Hozir elchixona yerto‘lasida, operatsiyadan chiqqan bemorimiz bor. Yana bir bemorning kelish ehtimoli bor. Endi odamlarimiz kelsa, mashina gaplashib, ularning evakuatsiyasini tashkil qilamiz. Ularning muammosi ham bor. Nogironlik aravachalari so‘rashgan, ammo buni hozir topishning imkoni yo‘q. Ukol-dori olishlari kerak. Shifokor bolalarimiz yordam berib turibdi. Ammo bu yoqda dorixonalar ham yopilyapti. Bu masalalarni ham hal qilishga urinyapmiz. Eng yomoni trevoga berilgach, hamma ishni tashlab yerto‘laga kirishimiz kerak. Shuning uchun kompyuterlarda ham ishlolmayapmiz. Internet juda yomon, bir ishlab, bir ishlamay qolmoqda.
Kecha vaqt topib, Facebook’dagi sahifamga bir ma’lumot qo‘ydim. Ammo bu yoqda ishlar ko‘pligi bois, targ‘ibot qilishim kerakmi yoki odamlarni bu yerdan olib chiqib ketish kerakmi degan savol o‘rtaga chiqadi. Biz uchun odamlar hayoti barchasidan muhim. Shaxsan o‘zim sal bo‘lsa-da, Lvovdan xotirjamman. Sababi yettita avtobus odamlarni navbatma-navbat chegaragacha olib bormoqda. Buni internetda tarqalayotgan videolardan ham ko‘rishingiz mumkin. Odamlar hammasini boricha, aytyapti. Avtobusda olib borilayotgani-yu, kutishayotganini, yoki tez borayotganini ham aytishmoqda. Muhimi, Lvovda evakuatsion tizim ishlayapti.
Ayni paytda odamlarning Lvovga yetib borishida, poyezdda muammo bor. Ikki kun avval yonimga talabalarning, Xarkovda o‘qiydigan bolalarning ona-onalari kelishgandi. Farzandlarimiz Lvovga qanday kelishadi deyishganda, mashinada yurishmasin, yaxshisi yerto‘lalarda o‘tirib turishsin degandim. Keyinchalik biz temir yo‘llar rahbariyati bilan gaplashganimizdan so‘ng, ular poyezdlar sonini ko‘paytirib, O‘zbekiston fuqarolarini ham manzilga yetkazamiz deb ishontirdi. Shundan so‘ng biz tavsiyani o‘zgartirib, poyezdga chiqishni maslahat berdik. Xarkovdan Lvovgacha qariyb ming kilometr. Poyezdda harakatlanish xavfsiz. Boshqachasiga olib bora olmasdik. Chunki Xarkovda shiddatli janglar bo‘lyapti. Ular poyezdda chiqishganidan so‘ng ham 12–14 soat yo‘l yurishyapti. Biz har soatda ulardan xabar olib turdik. Ularning ovqatini tashkil etishda ham vatandoshlarimiz yordam berib turdi. Vatandoshlarimiz o‘zbeklarning xos xarakterini ko‘rsatib, qo‘ldan kelgancha yordam berayotganidan g‘ururlanaman.
— Qamoqxonadan ozod qilingan o‘zbeklar qanday jinoyat qilgan va ularning soni necha nafar?
— Qamoqdan chiqqan o‘zbeklar ko‘p emas. Ulardan qamoqqa tushganlari ham kimlar? Aslida qamoqdan chiqqan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi Ukrainada uch oy turgach, chiqib ketishi lozim bo‘lgan, ammo chiqib ketmay tartibni buzganlar hisoblanadi. Ikki uch marta shunaqa holat yuz bergach, qo‘lga tushganlar qamalib qolgan. Qolaversa, yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi firibgarlarga chuv tushgan. Qalbaki viza olib, chegarada Yevropaga chiqishda qo‘lga tushib qolgan. Ular bosqinchi yoki o‘g‘ri emas. Shunchaki tirikchilik ilinjida aldanib qolgan va qamoqqa tushib qolgan o‘zbeklar.
Ularga ham vokzalga borib o‘tirishni maslahat beryapmiz. Ammo bitta muammo borki, qamoqdan chiqqanlarning hujjati yo‘q. Hozir Ukraina ham, Polsha ham qochqinlarni hujjatsiz bo‘lsa-da, chegaradan o‘tkazyapti. Menimcha, Ukraina hududidan oxirgi o‘zbekistonlik chiqib ketgunga qadar ham shu amaliyotga rioya qilinadi. Biz Polsha chegarasiga konsulimizni joylashtirib, hujjatsiz o‘zbekistonliklarga qayta hujjat tayyorlab berib, samolyotda uchirishni maqsad qilganmiz. Va bu holat Ukrainadan barcha o‘zbekistonliklarni chiqarib olgunimizga qadar davom etadi.
— Xarkovdagi otishmada zarar yetgan elchixona mashinasi haqida batafsil ma’lumot bersangiz.
— Xarkovda elchixonaga tegishli diplomatik mikroavtobusning oldi oynasiga, yon tomonni ko‘rsatuvchi oynalariga zarar yetgan. Shrapnel (dumaloq o‘qlar bilan to‘ldirilgan artilleriya snaryadi) tushgan deyishdi. Hech kim zarar ko‘rmadi. Diplomatimiz talabalar bilan birgalikda poyezdga chiqib, Lvovga yetib olishi kerak edi. Xarkovdan mashinada chiqib ketish judayam qiyin va xatarli edi. Mashinada yetib borolmasdik. Biz imkon qadar manzilga tez borishimiz kerak edi. Mashinaga zarar yetgan, uning ustiga yonilg‘i ham tugagandi. Shu sababli mikroavtobusni vokzalda qoldirdik. Endi vaziyat sal tinchisa, diasporamiz vakillaridan mashinamizni biror joyga olib qo‘yishlarini iltimos qilamiz.
Tashqi ishlar vazirligining qo‘shimcha qilishicha, snaryad tushgan mikroavtobus avtoturargohda bo‘lgan.
— Hisob-kitobimiz bo‘yicha 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik O‘zbekistonga qaytishga tayyor. Biz dastlab pasportlarni so‘raganimizda 3 mingga yaqin kishi elektron pochta orqali pasportini yuborgandi. Ma’lumotlarni qayta ishlash uchun Toshkentda 10 nafar odam ishga jalb qilingandi. Undan keyin ro‘yxat masalasiga e’tibor berilmay qoldi. Hech kim ro‘yxat so‘ramayapti. Gumanitar inqiroz tufayli Polsha rahbariyati shunday qarorga keldi va odamlarni chegaradan shunday o‘tkazishyapti. Moldovaga ham odamlarni shunday o‘tkazishayotgani haqida ma’lumotlar bor.
Kamida 4 ming o‘zbekistonlik Ukrainadan chiqib ketishga tayyor. Undan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Sababi biz Lvovning asosiy chegarasini monitoring qilayotgan bo‘lsak, 500 nafar o‘zbekistonlik biz bilan bog‘lanmagan holda Polshaga yo‘l olgan. Ular haqida bizda aniq ma’lumot yo‘q. 2500 nafar kishi aniq ketaman deb, bizning ro‘yxatimizda turibdi. Yana bir holat borki, umuman internetdan foydalanmaydigan, oddiy telefon tutib, aloqaga chiqolmayotgan o‘zbeklar ham bor. Biz saylov paytida ro‘yxatga olganimizda shu 4300 nafar kishi chiqqandi. Hozir ko‘pi bilan besh ming nafarga chiqsak ham, ularning orasida umuman O‘zbekistonga qaytmayman deganlar ham bo‘lishi mumkin.
Ba’zi holatlar bor, onasi ukrain, otasi o‘zbek, bolasining esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘q. Yoki avval O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, keyin Ukraina fuqaroligini olganlar bor, ular “vatanimga olib ketinglar” deyapti. Birinchi navbatda bor e’tibor O‘zbekiston fuqarolariga qaratilgan. Barcha murojaat qilganlarning masalasiga yechim izlayapmiz.
— O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainada Polsha orqali evakuatsiya qilish ishlari qancha vaqt davom etishi ko‘zda tutilgan?
— Evakuatsiya ishlari har bir o‘zbekistonlik chiqib ketmaguncha davom etadi. Kecha 850 nafarga yaqin yurtdoshimizni markazlashtirilgan tartibda chegaraga yetkazdik. Bugun fuqarolarimiz oqimini kuzatyapmiz. Menimcha, asosiy migrantlarga yana uzog‘i bilan uch-to‘rt kun kerak bo‘ladi. Balki undan ham ko‘proqdir. Chunki har kuni poyezd kelyapti. Har birida besh-o‘n nafar, ikki-uch nafar o‘zbek bor.
Bugun birinchi reys Polshadan O‘zbekistonga uchadi. O‘zbekistondan samolyot uchgan. Polsha bilan hozir gaplashganim yo‘q. Ularni bezovta qilmayapman. Meni ko‘proq o‘zimizning masalalar qiziqtiryapti. Taxminan, 240 nafar kishi tayyor turibdi. Bugun birinchi samolyot ketadi. Keyin esa keti uzilmasdan 200 nafarcha odam yig‘ilsa, barining hujjati tayyor bo‘lsa, samolyot kelib olib ketaveradi.
— Chegaradan dastlab ayollar va bolalar birinchi o‘tadi deyilgandi. Erkaklar ham o‘tkazilyaptimi?
—O‘tyapti. Hamma o‘tyapti hozir. Ayollarning birinchi guruhi to‘rt soatda chegaradan o‘tib bo‘lgandi. Erkaklar esa 14 soatda o‘tdi. Ayollar va bolalarga “yashil yo‘lak” qilib berilgani uchun ular tezroq o‘tdi. Qolganlar umumiy navbatga turib o‘tmoqda. Hozir millatiga, boshqasiga qaralmayapti. Hamma birin-ketin o‘tyapti. Lekin kutish vaqti 10–12 soat davom etyapti. Menimcha, sal tezlashgandir ham. Bizning talabalar 5–6 soatda o‘tgandir, ehtimol. Ammo biz uchun bu muhim emas. Muhimi, vatandoshimiz qo‘ng‘iroq qilib, “avtobus yo‘q” deya vahima qilmasligida. Shunday holat kuzatilsa, ijaraga yana avtobus olishga majbur bo‘lyapmiz.
— Jangovar harakatlarda ishtirok etgan yoki jangovar harakatlar tufayli jarohatlangan o‘zbeklar haqida ma’lumot kelib tushmadimi?
— Yo‘q. Xabarimiz yo‘q. O‘ylaymanki, bunaqa tashabbus bildirgan o‘zbeklar bo‘lmaydi ham. Yurtdoshlarimiz bu yerga boshqa maqsadda, asosan tirikchilik ilinjida kelishgan. Bunday ma’lumot bo‘lsa, ukrainaliklar bizga, albatta, xabar berishardi. Lekin ular ham bizga chiqmadi.
— O‘zbekistondagi ko‘ngillilar Ukrainadagi o‘zbeklarga qanday yordam bera olishi mumkin?
— Yordam taklif qilib bizning elektron pochtamizga 2–3 kishi yozdi. Endi o‘zbekistonliklar aynan Ukrainadagi o‘zbekistonliklarga yordam berolmaydi. Boisi, Ukrainada bank tizimi ishlamayapti. Qanaqa yordam kerak bo‘lishi mumkin degan savolga, kimnidir boqishda, kimnidir aeroport yoki vokzalga olib borib qo‘yishda, mashinasiga benzin quyib berishda yordamga muhtojmiz.
Ba’zilar bu yerda ko‘p yillardan buyon yashagan va barcha narsalarini tashlab qochib ketmoqda. Bu masalalarning dolzarbligi keyin yuzaga chiqadi. Hamma ham tartibli keta olmadi. Ular hech narsasiz O‘zbekistonga yetib borganida ularga yordam kerak bo‘lishi tayin. Buni e’tiborga olish kerak.
— O‘zbekiston elchixonasining o‘zida mablag‘ tomondan muammolar bormi?
— Bizda mablag‘ bilan bog‘liq muammo yo‘q. Davlatimiz rahbariyati, Tashqi ishlar vazirligi, Bosh vazir ofisidan yo‘riqnomalarni olganmiz. Pul masala emas, vaqt masala bo‘lmasa bo‘ldi. Eng muhimi, odamlarni olib chiqib ketishimiz kerak. Eng yomoni, puling bor bo‘lsa-yu, lekin “zapravka”da benzin bo‘lmasa. Bu harbiy vaziyatdagi muammolar, albatta. Chunki do‘konda ovqat yo‘q. Odamlarni mahsulotlar sotib olishga jo‘natgandik. Magazinda non yo‘q. Un olishdi, “droja” yo‘q.
Yoki bo‘lmasa bizda bemor bor. Unga dori olishimiz kerak. Pul bor, ammo kerakli dorini topolmayapmiz. Aslida bemor Ukrainaga davolanish uchun kelgan. Operatsiyadan so‘ng, ahvoli ancha yaxshi, biroq ko‘p harakat qilolmaydi. Ukrainadagi mavjud shifoxonalar harbiy gospitallarga aylantirilgani sabab hamma bemorlarga javob berilgan. Bemorimizni Lvovga olib ketishga ham, bu yerda qoldirib ketishga ham ikkilanyapmiz. Ayni paytda unga Husan ismli talaba hamda Temur ismli shifokor qarayapti.
— Fuqarolarning evakuatsiyasi yakunlangach, kun tartibida elchixona xodimlarini ham evakuatsiya qilish masalasi bormi?
— Ayni damda buni reja qilmaganmiz. Vazifalarimiz bor shuning uchun bunday rejalarimiz yo‘q, albatta. Bu elchixona uchun muhim masala emas. Biz kabi qardosh davlat elchixonalari ham o‘z faoliyatini davom ettiryapti. Elchixonalar bilan vaziyat bo‘yicha fikr almashyapmiz. Ko‘p davlatlar o‘z talabalarini va fuqarolarini olib ketolmayapti.
Lvov eng g‘arbiy shahar. Ba’zi davlat elchixonalari eng xavfsiz joy deb u yerga ko‘chib o‘tdi. Lekin baribir u yerda ham sirenalar chalinyapti. Afsuski, Ukrainaning g‘arbiga yaqin shaharlarda ham janglar bo‘lyapti.
— Ukrainadagi o‘zbeklarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Asosiysi kim vokzallarga yetib borsa, Lvovga boraversin. Lvovdan Polshaga chiqarib yuboramiz.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan birorta jangovar amaliyot o‘tayotgan bo‘lsa, shaharda yurmay, yerto‘lalarda o‘tirishsin. Chunki xavfsizlik — eng ustuvor masala. Shaharga chiqish, do‘kon va boshqa joylarga chiqib tavakkal qilmaslikni maslahat berardim.
Sirena ovozi yangradimi, berkinish kerak. Bu haqiqiy urushdagidek. Kecha Lvovda vatandoshlarimiz bo‘lgan oxirgi avtobus ketayotganda havo trevogasi bo‘ldi. Telegram guruhlarimiz va Facebook’dagi sahifamizda yanayam ko‘proq tavsiya va ko‘mak berilmoqda.
Izoh (0)