O‘zbekistondagi yana 9 noyob daraxt MonumentalTrees.com xalqaro ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Qayd etilishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan yana 9 ta noyob daraxtning nomzodnomalari tayyorlandi va ular MonumentalTress.com xalqaro ro‘yxatiga nomzod etib kiritildi.
Bular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani hududidagi yoshi 100 yildan oshgan qayrag‘och daraxtlari (jami 5 ta), Jizzax viloyati Jizzax shahridagi yoshi 200 yildan oshgan tut daraxti, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi 250-300 yoshli tut daraxti, Narpay tumanidagi 450 yillik hamda Payariq tumanidagi 1000 yoshdan oshgan chinor daraxtlaridir.
Ma’lumot uchun, avvalroq Jizzax viloyati Forish tumanidagi sharq biotasi daraxti (yoshi 1500 yil), Samarqand viloyati Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1160 yil), Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi archa (yoshi 1000 yil), yong‘oq (yoshi 800 yil) hamda chinor daraxtlari (yoshi 600 yil), Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlog‘idagi chinor daraxti (yoshi 900 yil), Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 700 yil) va Jizzax viloyati Zomin milliy tabiat bog‘i hududidagi boboyong‘oq daraxti (yoshi 700 yil) MonumentalTrees.com ro‘yxatiga kiritilgandi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida mazkur xalqaro ro‘yxatga o‘z tabiiy meros obyektlarini kiritgan birinchi va MDH davlatlari orasida uchinchi davlatga aylandi (Rossiya va Ozarbayjondan so‘ng).
Ayni damda Ekologiya vazirligi tomonidan mamlakatdagi ko‘p yillik noyob daraxtlarni mazkur ro‘yxatga kiritish yuzasidan harakatlar davom ettirilmoqda.
MonumentalTrees.com — bu butun dunyo bo‘ylab yirik va qadimiy daraxtlar haqida ma’lumot to‘playdigan hamda ularni hujjatlashtiradigan jamoaviy veb-saytdir. Sayt foydalanuvchilarga turli daraxt turlari haqida fotosuratlar, o‘lchamlar (balandlik va diametr), joylashuv koordinatalari va boshqa tafsilotlarni taqdim etadi. Bu loyiha Tim Bekaert tomonidan boshqariladi va ko‘plab ixtiyoriy ishtirokchilar tomonidan boyitilmoqda.
17-aprel kuni O‘zbekistonda 2025–2030-yillarda umummilliy birdamlik bog‘larini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2025-yil 15-maygacha istirohat bog‘larining namunaviy loyihasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Bog‘larning 60 foiz hududida yashil maydon sifatida daraxt va butalar ekish, piknik zonalar, yosh bolalar uchun maxsus jihozlangan qumloqlar, ochiq osmon ostidagi kichik kutubxonalar, tasviriy va amaliy sanʼat bilan shug‘ullanish hududlari hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar orqali sokin hududlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)