Dubay haqida so‘z ketganda eng ko‘p qo‘llanadigan so‘z “eng” bo‘lsa kerak. Birlashgan Arab Amirliklaridagi ushbu shaharda bo‘lib qaytgan “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev bunga yana bir bor amin bo‘ldi.
Dunyoning har beshinchi ko‘tarma krani shu yerda
Dunyodagi eng baland bino — 828 metrli Burj Xalifa mazkur ro‘yxatning boshlanishi xolos. Ro‘yxatni yana davom ettiramiz: eng katta savdo markazi — maydoni 1,2 million kvadrat metr bo‘lgan Dubai Mall. Shu yerning o‘zida yopiq binolardagi eng katta akvarium — 10 million litr suv hajmiga ega va 33 ming jonivor yashaydigan Dubai Aquarium joylashgan. Tubi 60 metr bo‘lgan eng chuqur basseyn — Deep Dive Dubai. Dunyodagi eng baland mehmonxona — balandligi 365 metr va 72 qavatdan iborat Gevora oteli.
Dunyodagi eng katta sunʼiy orol — Palma Jumeyra shu yerda. Eng katta tomosha g‘ildiragi – 250 metrli Ain Dubai. Dunyodagi eng katta ark — 150 metrli Dubai Frame. Palm Fountain — maydoni 1,3 ming kvadrat metrni tashkil etadigan va suvi 105 metrgacha otiladigan dunyodagi eng katta musiqiy favvora. Dubai Miracle Garden — dunyodagi eng katta gullar bog‘i. Burj Al Arab — dunyodagi yagona yetti yulduzli mehmonxona va hokazo.
Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Shaharda olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘lami shu qadar ko‘pki, dunyodagi har beshinchi ko‘tarma kran Dubayda ishlar ekan.
Barselona, Rim va Madridni ortda qoldirib
Dubay joriy yil dunyoning eng yaxshi shaharlari reytingida (Worldʼs Best Cities) London, Parij, Nyu-York va Tokiodan so‘ng beshinchi o‘rinda qayd etildi va bu ro‘yxatda Barselona, Rim, Madrid, Singapur va Amsterdam kabi shaharlarni ortda qoldirdi. Bundan atigi 50 yil avval sahrodan iborat bo‘lgan shaharda bugungi kunda balandligi 300 metrdan yuqori osmono‘par binolar soni 25 tadan ortiq va bu megapolislar orasida eng yuqori ko‘rsatkich.
Tripadvisor portali versiyasiga ko‘ra esa Dubay 2022-yilning eng ommaviy turistik yo‘nalishi bo‘lgan va bu reytingda London, Kankun, Bali va Kritdan o‘zib ketgan. Dubay xalqaro aeroporti esa yo‘lovchi oqimi bo‘yicha dunyodagi eng tig‘iz aeroportlardan sanaladi.
Shaharning asosiy daromadi xizmat ko‘rsatish va turizmdan. Joriy yil olti oyining o‘zida shaharga 8,55 million mehmon keldi. Amirlikda har yili sayyohlar soni o‘rtacha 20 foizga oshib bormoqda va bu surʼat Dubayni dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan shaharlari qatoriga kiritmoqda.
Dubay turli tadbirlarni o‘tkazishda doim faol va tashabbuskor. Jumladan, shaharda Arabian Travel Market turistik yarmarkasi, Dubai Food Festival gastronomik, Dubai Exports and Games Festival kibersport festivallari doimiy tus olgan. Amirlikni targ‘ib etishda ulkan rol o‘ynagan Expo-2020 haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Hozirgi kunda Dubayda 800 dan ortiq mehmonxona bor. Ularning o‘rtacha to‘lish koeffitsiyenti 78 foizga teng va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Shaharda dunyoning 200 dan ortiq turli oshxonalari taomlarini taklif etuvchi 13 mingdan ortiq restoran va qahvaxonalar mavjud.
Dubay mehmonxonalari mavsum tebranishlariga juda sezgir. Aytaylik, sayyohlar kam bo‘ladigan jazirama yoz oylarida narxlar baʼzan teng yarmigacha arzonlashtiriladi va buning hisobidan muammo qisman hal etiladi. Tug‘ilgan kunini nishonlayotgan sayyohlarga mehmonxona nomidan tort yoki gul hadya etiladi, attraksionlar esa bepul xizmat ko‘rsatishi mumkin. Samarqandlik sherigimiz shunday imkoniyatdan foydalandi va chiptasi 80 dollar turadigan akvaparkka bepul kirib chiqdi.
Shaharda borish va ko‘rishga arzigulik manzillar juda ko‘p: Burj Xalifa, favvoralar, savdo majmualari, muzeylar, masjidlar, muz saroylari, kinoteatr, teatr va shoular, akvapark va akvariumlar, sahroga safar, kema va yaxtalarda sayohat, ziplayn yordamida parvoz, hatto vertolyotda ham sayr etishingiz mumkin.
Dubay xalqaro aeroportida migratsiya nazoratidan o‘tib bo‘lganimizdan so‘ng qo‘limizga “Baxtli amirliklarga xush kelibsiz!” deya yozib qo‘yilgan qalin chipta tutqazishdi. Uning ichida sutka davomida ishlatish mumkin bo‘lgan va 1 GB internet aloqaga ega mahalliy SIM-karta bor ekan. To mehmonxonaga joylashib, o‘zingni o‘nglab olguncha harna.
Dubai Mall’ga borib, birrov aylanib chiqdik. Hali uyga yetib kelmasimizdan ortimizdan minnatdorlik maktubi jo‘natishibdi. Tasavvur qilyapsizmi, 1200 dan ortiq brend do‘konlari bo‘lgan va kuniga millionta odam kirib-chiqadigan dunyodagi eng yirik savdo majmuasi “Tashrif uchun rahmat, kelganda kirib turing, xursand bo‘lamiz” deyapti.
Avtomobillar amirligi
Dubay eng qimmatbaho mashinalar jamlagan shahar. Bu yerda har qadamda Ferrari, Lamborghini, Bentley, Lexus, Rolls-Royce kabi lyuks toifaga mansub avtomobillarga ko‘zingiz tushadi. Ko‘chalar ham shunga yarasha keng va ko‘p polosali. Trassada tezlikni soatiga 140 kilometrgacha olib chiqishingiz mumkin, plus yana 20 kilometr qo‘yib berishadi.
Nafaqat avtomobillar, ularning raqamlari ham qimmat. Ayrimlari, xususan, bittagina raqamdan iborat bo‘lganlarining narxi mashinadan ham qimmat bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, jarimalar ham otning kallasidek. Nafaqat tezlikni oshirganingiz, noto‘g‘ri burilganingiz yoki parkovka qilganingiz uchun ham jarima to‘laysiz. Bu jarimalarni to‘lay olmay, qimmat mashinalarini shundayligicha ko‘chalarda qoldirib ketganlar ham borligini aytishadi.
Sayyohlarga avtomobillarni ijaraga berish juda rivojlangan, har qadamda shunday punktlarni ko‘rishingiz mumkin. Ulardagi narxlar bilan qiziqdik. Kuniga 30 dollardan (Mitsubishi) to 3000 dollargacha (Lamborghini Aventador) ekan. Eng qizig‘i, ijara beruvchilar va ularni minuvchilar safida o‘zbeklar kam emas.
Dubayda birinchi galda avtomobillar va ularning egalari uchun mo‘ljallangan shahar. Ammo keyingi paytda jamoat transportini rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda. Buni birinchi galda metroda sezishingiz mumkin. Dubay metrosi yer ustida harakatlanadi va shaharning deyarli barcha asosiy nuqtalarini qamrab oladi. Undagi poyezdlarda ayollar va bolalar uchun alohida vagon ajratilgan, shuningdek, boshqalaridan yo‘lkirasi qimmatligi va shinam o‘rindiqlarga egaligi bilan farqlanadigan “oltin” vagonlar ham mavjud. Yo‘lkiraga keladigan bo‘lsak, yo‘nalishlar turli zonalarga ajratilgan va ularni qancha ko‘p kesib o‘tsangiz, shuncha ko‘p to‘laysiz. Eng qizig‘i, metro to‘liq avtomatlashgan va ularda mashinistlarni uchratmaysiz.
Shaharda, shuningdek, avtobus va tramvay ham harakatlanadi. Ularda metro to‘lov kartalari bilan ham hisob-kitob qilishingiz mumkin. Palma Jumeyra kabi chekkaroq hududlarga borish uchun esa monorelsga chiqishingizga to‘g‘ri keladi.
Dubaydagi o‘zbeklar
Dubayda o‘zbeklar ko‘p. Bu yerga kelib, ishlayotganlar orasida ham, sayyohlar safida ham. Mehmonxonaga borib, joy surishtirib turgan paytimiz resepshndagi xodimlardan birining ko‘ksiga qadalgan “Shukur” degan yozuvga ko‘zimiz tushib qoldi. “Hoynahoy, o‘zbek bo‘lsa kerak” degan taxminga bordik va murojaat qildik. Taxminimiz to‘g‘ri chiqdi: asli samarqandlik bo‘lgan Shukurjon bizni shaharning eng yaxshi manzaralari ko‘rinib turadigan xonaga joylashtirdi.
Shukurjon keyinchalik Dubay bo‘ylab harakatlanish uchun gidlik va haydovchilik bilan shug‘ullanadigan o‘zbek yigitlarni ham tavsiya qildi. Ular esa o‘z navbatida bizlarni Dubaydagi o‘zbek tamaddixonasiga olib borishdi. Shaharning eng qimmat hududi — Marinada joylashgan bu restoranning nomi “Vodiy” ekan. Xullas, mana shunday o‘ziga xos zanjir.
Zamonaviylik va tarix uyg‘unlashgan shahar
Dubay zamonaviylik va tarix uyg‘unlashgan shahar. Amirlik faqat osmono‘par binolardan iborat emas, bu yerda o‘tmishga ehtirom bilan yondashiladi.
Al Seef hududiga borgudek bo‘lsangiz, o‘zingizni qadim zamonlarga tushib qolgandek his etasiz. Tor ko‘chalar, bir va ikki qavatli tuproq uylar, yog‘och qayiqlar, osori-atiqalar bilan savdo qiluvchi do‘konlar bu tasavvurni yanada boyitadi. Qadim daraxtlar, hatto ko‘hna Dubay devorlari ham asrab qolingan.
Eski arab kemasi — abraga chiqib, suv yo‘li bilan narigi qirg‘oqqa o‘tishingiz va tilla hamda ziravorlar bozorlarini sayr qilishingiz mumkin.
Dubay arkiga chiqsangiz ham avval Dubay o‘tmishi haqida hikoya qilinadi, so‘ng shaharning bugungi kuni va kelajagi oid loyihalar bilan tanishasiz. Burj Xalifaga ko‘tarilsangiz ham shu holat: oldin dunyodagi eng baland bino qurilishiga oid maʼlumotlar, so‘ng batafsil ekskursiya.
Taqiqlar va taʼqiblar
Hikoyamizdan Dubay har jihatdan mukammal shahar ekan degan xayolga bormaslik kerak. Bu yerda muammolar, aniqrog‘i, siz kutmagan yig‘imlar va taqiqlar yetarli. Dastlabkisi, sizni mehmonxonadayoq qarshi oladi. Turistik yig‘im to‘lashingiz kerak, u shaharga necha kunga kelganingiz va mehmonxona maqomiga bog‘liq. Aytaylik, to‘rt yulduzli mehmonxonada bir hafta turishingiz davomida bu summa 105 dirhamni yoki 30 dollarni tashkil etadi. Uch yulduzlida bu summa kamroq, besh yulduzlida aksincha ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, mehmonxonalarning aksariyatida depozit qoldirishingizga to‘g‘ri keladi va bu summa o‘rtacha 300 dirham, yaʼni 70 dollarni tashkil etadi. Bu siz mehmonxonada qo‘shimcha xarajatlar qilishingiz mumkinligi bilan izohlanadi. Yaʼni xonadagi mini-bardan yegulik, ichimlik olsangiz yoki biror boshqa pulli xizmatdan foydalansangiz, shu summadan olib qolinadi. Agar unday bo‘lmasa, ketayotgan paytingiz depozit qaytarib beriladi.
Dubayda foto va videotasvirga olish bilan bog‘liq qator taqiqlar mavjud. Davlat muassasalari, xususan, hukumat va harbiy binolar, samolyotlarni tasvirga olish mumkin emas. Shaxslarni, ayniqsa, mahalliy aholini ularning ruxsatisiz suratga ololmaysiz. Ayrim yirik savdo majmualari ham tasvirga olishni ma’n etishlari mumkin. Hatto telefonga ham.
Mabodo bu taqiqlardan bexabar holda tasvirga olsangiz, eng osoni tasvirlarni o‘chirtirishlari, bundan bosh tortsangiz, jarimaga tortishlari yoki politsiyaga arz qilishlari mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Telegram orqali videoxabar yo‘llay olmaysiz. Qisqasi, bu yurtda biz uchun ajablanarli bo‘lgan bunday holatlar ko‘p.
Bunday taqiqlarning foydali tomoni shundaki, shaxs daxlsizligi, umuman, xavfsizlik masalalari o‘ta yuqori darajada. O‘g‘rilik, ichkilikbozlik, bezorilik deyarli yo‘q darajada. Buyumingizni qayerdadir qoldirib ketsangiz ham xotirjam bo‘lishingiz mumkin, unga hech kim tegmaydi.
4 million kishi istiqomat qiladigan Dubay baynalmilal shahar, bu yerda 200 ga yaqin millat vakillari yashaydi. Mahalliy aholi atigi 10 foiz atrofida, qolgan 90 foizi esa muhojirlardan iborat. Shu bois bu yerda kimnidir irqi, dini yoki millatidan kelib chiqib, tahqirlash eng og‘ir jinoyatlar qatorida ko‘riladi.
Izoh (0)