Davolanishning muvaffaqiyati tashxisdan qat’i nazar, bir necha omillarga bog‘liq. Ularning eng muhimlari orasida bemorning berilgan tavsiyalarga qay darajada amal qilishi, shifokorning professionalligi va tajribasi turadi. Tibbiyot fanlari nomzodi, endokrinolog Olga Pyanix bilan birga yaxshi shifokorni qanday tanlash va yolg‘onchi “mutaxassis”larga qanday uchrab qolmaslik kerakligini tahlil qilamiz.

Endokrinologik tashxis qanday qo‘yiladi?
Endokrinolog endokrin bezlar, ya’ni gormon ishlab chiqaruvchi va ularni qon orqali tarqatadigan a’zolar bilan bog‘liq kasalliklarni davolaydi. Qalqonsimon bez, buyrak usti bezlari, gipofiz va boshqa a’zolar bilan bog‘liq muammolarning alomatlari turli xil bo‘ladi: vazn ortishi, jizzakilik, tez charchash va hokazo. Bu belgilarning ko‘pi sog‘lom odamlarda ham kuzatilishi yoki boshqa kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Endokrinolog tomonidan to‘g‘ri tashxis qo‘yilishi bu murakkab tahlil, bemor shikoyatlari, hayot tarzi, ilgari o‘tkazgan kasalliklari, tekshiruv natijalari kabi omillarning kompleks o‘rganilishi asosida amalga oshadi. Har bir mayda tafsilot muhim hisoblanadi. Faqatgina tez charchash va kuchli uyquchanlik kabi shikoyatlar asosida tashxis qo‘yishning iloji yo‘q.
Endokrinolog yetarli bilimga ega emasligini ko‘rsatadigan 4 ta belgi

Afsuski, hozirda endokrinologiya bilan yetarlicha bilim va malakaga ega bo‘lmagan kishilar ham shug‘ullanmoqda. Ularga nafaqat klinikalarda, balki internetdagi blogerlar orqali ham duch kelish mumkin. Quyidagi holatlar esa har qanday bemorni ogohlikka chorlashi va tanlagan mutaxassis haqida chuqur o‘ylab ko‘rishiga sabab bo‘ladi:
1. Anamnez (kasallik tarixi)ni yig‘maydi
“Agar shifokor sizdan kasallik tarixi, hayot tarzi, boshqa kasalliklaringiz haqida so‘ramasa, bu noto‘g‘ri. Ayniqsa, oldindan aniqlangan kasallik bilan murojaat qilsangiz va shifokor buni soddalik bilan qabul qilib, batafsil o‘rganmasligi ham xavotirli holat”, deydi shifokor.
2. Juda ko‘p tahlillarni tayinlaydi

Keragidan ortiq laboratoriya tekshiruvlari faqat kamdan-kam hollarda zarur bo‘ladi. Odatda tashxis qo‘yish yoki davolash samarasini aniqlash uchun bir nechta tahlil yetarli bo‘ladi. Shuningdek, agar endokrinolog rasmiy tibbiyotda mavjud bo‘lmagan, Xalqaro kasalliklar klassifikatsiyasiga kiritilmagan “kasalliklar”ni qo‘yayotgan bo‘lsa yoki samaradorligi isbotlanmagan usullar (masalan, gomeopatiya, asossiz diyetalar) bilan davolashni taklif qilsa, bu ham uning salohiyatida shubha uyg‘otadi.
3. Tahlil natijalari va davolash rejasi bo‘yicha tushuntirish bermaydi
“Tahlil natijalari chiqqach, shifokor bemorga nega ko‘rsatkichlar normadan chetga chiqqanini tushuntirib berishi kerak. Dori-darmonlar tayinlanganda ham bemor nima uchun bu dorilarni qabul qilayotgani va undan nima kutish kerakligini bilishi kerak.
Ko‘p holatlarda, menga bemorlar quyidagicha murojaat qilishadi: ularga davolash tartibi belgilangan, lekin bemorlar nima uchun ma’lum bir dorini ichayotganini va qanday tashxis qo‘yilganini bilmaydi, chunki bu haqda hech kim ularga tushuntirmaydi”, deydi Olga Pyanix.
4. Bemorning savollariga javob bermaydi

Shifokor bemorning o‘z sog‘lig‘i, tashxis yoki davo bo‘yicha savollariga javob bermasligi ham jiddiy holat. Hozirgi zamon tibbiyotida individual yondashuv va bemorga e’tiborli munosabatda bo‘lish asosiy tamoyillardan biridir.
“Kasallik alomatlarning sababi va davolashdan nimalar kutish mumkinligini biladigan bemor terapiyaga ko‘proq rioya qiladi. Bemor o‘z holatini tushunsa, davolanish samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi”, deydi mutaxassis.
Izoh (0)