Yillar davomida insonlar ozish maqsadida turli parhezlarni sinab ko‘radi, sport zalida soatlab ter to‘kadi, biroq hammada natija bir xil bo‘lmaydi. Nima uchun ayrim kishilar tez ozadi, boshqalarda esa bu jarayon muvaffaqiyatsiz kechadi? Ehtimol, bunga gormonlar aybdordir.

Endokrinolog Dilyara Lebedeva ba’zi gormonlar vazn tashlashga yordam berishini tushuntirdi, shuningdek, ularning to‘g‘ri va yetarli miqdorda ishlab chiqarilishi uchun turmush tarzini qanday o‘zgartirish kerakligi haqida ma’lumot berdi.
“Kamroq iste’mol qil va ko‘proq kaloriya sarfla” ozish tamoyili qisman to‘g‘ri. Ortiqcha vaznning asosiy sababi — moddalar almashinuvi va gormonal muvozanatning buzilishi. Ozishni boshlashdan avval bajarilishi kerak bo‘lgan narsa – endokrinologga murojaat etishdir.
Shifokorning aytishicha, keyingi navbatda tanadagi yog‘lar tezroq erishi uchun o‘z vaqtida uyquga yotish kerak. Ortiqcha vaznga qarshi kurashda yordam beruvchi somatotropin gormonini ishlab chiqarish uchun soat 23:00 dan oldin uyquga ketish lozim. Somatotropin chuqur uyqu paytida faol ishlab chiqariladi va uning yetishmasligi vazn tashlash jarayonini murakkablashtirishi mumkin.
Normada mazkur gormon hujayralar tomonidan yog‘lar ajratilishi va ularning erishini faollashtirishga javob beradi. Somatotropinning past darajasi esa organizmdagi barcha jarayonlarni sekinlashtiradi.

Bundan tashqari, endokrinolog testosteron darajasining yetarli bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Ushbu gormon sport mashqlari paytida faollashadi, bu esa yanada samarali ozishga yordam beradi.
Ortiqcha vaznga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydigan uchinchi gormon tiroksindir. Tiroksin gormoni go‘sht, baliq va tuxum kabi oziq-ovqatlarda mavjud bo‘lgan tirozindan sintezlanadi. Demak, kundalik parhezga ushbu mahsulotlarni kiritish ozishga yordam beradi.
Qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar vazn to‘planishiga olib kelishi mumkin. Tiroksin gormoni yog‘larni parchalashda faollikni oshiradigan modda sanaladi. Uning darajasi pasayganda gipotireoz kasalligi yuzaga keladi. Kasallik yog‘lar to‘planishi bilan kuchayadi va semirish bilan kechadi. Gipertireozda esa ozib ketish yuz beradi.
Izoh (0)