Qashqadaryo viloyati Qamash tumanida uch kunlik chaqalog‘ini 60 mln so‘mga sotgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qamashi tumanida yashovchi ayol o‘zining ilk marotaba dunyoga keltirgan qiz chaqalog‘ini Qarshi shahrida yashovchi ikki nafar ayolga pullamoqchi bo‘lgan. Buning evaziga ulardan 60 mln so‘m pul talab qilgan.
U 50 mln so‘m va 800 dollarni mashina ichida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan. Sud hukmi bilan u 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning qiz farzandi esa viloyat bolalar uyiga topshirilishi belgilandi.
Bundan avval ham shu kabi holat kuzatilgan. Qashqadaryoda er-xotin uy olish maqsadida bir haftalik chaqalog‘ini 190 mln so‘mga pullagani haqida xabar berilgandi. Bundan oldin Toshkent viloyatida bir yoshli o‘g‘lini 9 ming dollarga sotishga uringan er-xotinga sud hukmi o‘qilgani, Samarqandda ayol uy olish uchun 6 yoshli o‘g‘lini 6 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)