Suriya va Turkiya Mudofaa vazirliklari mudofaa sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi bitimni imzoladilar. Bu haqda Suriyaning SANA axborot agentligi xabar bermoqda.

Bitim Suriya arab armiyasining jangovar qobiliyati va kasbiy mahoratini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, maxsus kurslar va o‘quv dasturlarida ishtirok etish uchun muntazam ravishda harbiy xodimlar almashinuvi ko‘zda tutilgan. Bu ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi tayyorgarlik darajasini oshirish va hamkorlikni yaxshilash imkonini beradi.
Suriyalik harbiy xizmatchilarni terrorizmga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik, minalardan tozalash, harbiy muhandislik, logistika kabi ustuvor yo‘nalishlarda professional tayyorlash, shuningdek, ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, bitimda texnik yordam ko‘rsatish ham nazarda tutilgan. Jumladan, Turkiya Suriya arab armiyasining qo‘mondonlik tuzilmalari, qurol-yarog‘lari va tashkiliy tizimlarini modernizatsiya qilishda ko‘maklashish uchun mutaxassis ekspertlarni yuboradi. Bu Suriya harbiy sektorini isloh qilishda muhim qadam bo‘ladi.
“Har ikki tomon Suriyada mamlakat suvereniteti, barqarorligi va hududiy yaxlitligini ta’minlay oladigan zamonaviy, intizomli va jangovar armiyani barpo etishga sodiqliklarini ta’kidladilar”, deyiladi xabarda.
Bundan avval Suriya hukumati mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va terrorizmga, jumladan, ISHID guruhiga qarshi kurashda Turkiyadan yordam so‘ragani ma`lum qilingandi.
Izoh (0)