Joriy yilning o‘tgan yetti oyida 2024-yil mos davridagidan ikki baravar ko‘proq mol go‘shti import qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi sayti orqali maʼlumot taqdim etildi.

2025-yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga jami qiymati 420,5 million dollarlik go‘sht mahsulotlari import qilindi. Shuning 333,1 million dollariga xorijdan 82,4 ming tonnadan ortiq qoramol go‘shti sotib olingan. O‘tgan yil mos davrida mazkur turdagi mahsulotdan 172,6 million dollar evaziga 43,5 ming tonna import qilingan. Umumiy olganda, qoramol go‘shti importi hajmining yillik o‘sishi deyarli ikki baravar bo‘lgan.
O‘z navbatida tovuq va qo‘y go‘shtlari importi ham ortgan. O‘tgan yetti oy ichida chet eldan 37,1 million dollarlik (32 tonna) tovuq, 19,3 million dollarlik (13,7 ming tonna) qo‘y go‘shti sotib olingan. Taqqoslash uchun, 2024-yil yanvar-iyul oylarida 34,9 million dollarga (29,1 ming tonna) tovuq, 12,6 million dollarga (4,3 ming tonna) qo‘y go‘shti import qilingan.
Avvalroq Toshkent shahridagi bozorlarda go‘sht arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi boshlangani xabar qilingandi. Maʼlumotlarga ko‘ra, 3-avgust kuni poytaxt bozorlariga jami 78,9 tonna go‘sht yetkazib berilgan. Go‘sht mahsulotlarining bir qismi Belarus va Mongoliyadan import qilingan ochiqlangan.
Markaziy bank ma‘lumotlariga ko‘ra, go‘sht o‘tgan yil davomida narxi eng ko‘p oshgan mahsulotlar qatoriga kirdi. 2025-yil iyun oyi oxirlarida mol go‘shti 30,5 foizga, qo‘y go‘shti esa 32 foizga qimmatlagan.
Izoh (0)