AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar uchun joy izlayapti. Bu haqda CBS News telekanali xabar berdi.

Kanal manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Vashington, Kiyev va Moskva muzokaralari kelasi haftaning oxirida bo‘lib o‘tishi mumkin. Telekanal boshqa tafsilotlarni ma’lum qilmagan. Bu uch tomonlama muzokaralarni o‘tkazishga doir harakatlar boshlangani haqidagi ilk xabar hisoblanadi.
Uch tomonlama uchrashuvgacha Donald Tramp va Vladimir Putin muzokaralarni Alyaskaning eng yirik shahri Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida o‘tkazadi. Sammit 15-avgustga rejalashtirilgan.
Avvalroq Tramp, Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuvni tashkil qilishni rejalashtirayotganini aytgandi. Putin esa avgust boshida Ukraina yetakchisi bilan uchrashishga qarshi emasligini bildirgan, biroq buning uchun muayyan shart-sharoitlar yaratilishi kerakligini va hozircha bunga hali ancha borligini ta’kidlagan edi.
AQSH va Rossiya prezidentlari uchrashuvi oldidan Zelenskiy va Yevropa yetakchilari Tramp bilan telefon orqali bog‘lanib, Alyaskadagi muzokaralar oldidan umumiy pozitsiyani ishlab chiqishdi.
Izoh (0)