Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun dunyoda iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol sezilmoqda. Buni oldindan ko‘ra bilib, mamlakatimizda ekologik toza iqtisodiyotga o‘tilmoqda.
Oxirgi uch yilda joylarda 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Sanoatda yashil energiya sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari o‘rnatgan xonadonlar 60 mingdan oshdi. “Yashil makon” dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bog‘lar yaratilyapti. Suvdan tejab-tergab foydalanilyapti.
2025-yil mamlakatda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilindi. Bu borada davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. U bilan 11 million fuqaro tanishib, 100 dan ziyod takliflar tanlab olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tarmoqlari va boshqa vakolatxonalar hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Davlat dasturidagi eng katta yo‘nalishlardan biri energetikadir. So‘nggi yillardagi jadallik tufayli mamlakatimizning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyasi, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.
Davlat rahbari bunga qo‘shimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trillion so‘m kredit ajratiladi.
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.
Yashil iqtisodiyot bu nafaqat toza energetikani rivojlantirish, balki tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish hamdir.
Bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sish surʼatini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda omilkorlik va tejamkorlik juda muhim.
Shu bois Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziriga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15-20 foizgacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Davlat rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini taʼkidladi.
Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmog‘idagidan 15-20 barobar yuqori.
Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, ko‘p qo‘shilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Energiya isteʼmoli yuqori bo‘lgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinishi belgilandi.
Yaqin kelajakda rivojlangan davlatlar faqat yashil texnologiya asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni oladi. Shu bois hozirdan bunga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yil ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarining 15 foizi, 2027-yildan 30 foizi, 2030-yildan 55 foizi “yashil” bo‘ladi. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan 300 million dollar resurs jalb qilinadi.
Energetika majmualarini barpo etishda 4 milliard dollarlik uskuna va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu orqali yirik loyihalarda “yashil komponent” ulushi 25 foizdan 31 foizga yetadi.
“Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. O‘tgan 3 yilda 698 ta bog‘ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektarli butazor barpo etildi.
Buni davom ettirgan holda, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urug‘chilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu xo‘jaliklarda joriy yilda 123 million tup ko‘chat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.
Hududida daraxt ekkan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi. Bu tadbirkorlar reytingida ham inobatga olinadi. Ularga tashqi bozorlarga chiqishi uchun “yashil sertifikat” olish, bozor topishda har tomonlama yordam beriladi.
Yig‘ilishda mutasaddilar davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish rejalari yuzasidan axborot berdi.
Izoh (0)