To‘liqsiz bir yil davomida ko‘p sonli o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining yo‘l-transport hodisalari oqibatida vafot etishi bilan bog‘liq kamida uchta e’tiborga molik voqea sodir bo‘ldi. Har uchala holatda ham O‘zbekiston fuqarolari avtotransport vositasining nosozligi yoki haydovchilarning noprofessionalligi oqibatida jabrlandi. “Daryo” umumiy hisobda 77 nafar o‘zbekistonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan bu uch voqea tafsilotlarini yodga oladi.

Kollaj: “Daryo”

2017-yil 22-iyun fojiasi

22-iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatining Qorabutoq shaharchasidan 20 kilometr masofada, “Samara—Chimkent” trassasining 946-kilometrida Mercedes rusumli yo‘lovchi avtobusi ag‘darilib ketdi. Avtobus Rossiyaning Volgograd shahridan Qozog‘istonning Chimkentiga o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini olib ketayotgan edi — avtobusda qozog‘istonlik ikki haydovchi va 50 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchi bo‘lgan.

Avtobusning ag‘darilib ketishi oqibatida O‘zbekistonning 9 nafar fuqarosi halok bo‘lgan — ularning uch nafari Farg‘ona, ikki nafari Namangan, ikki nafari Andijon, qolgan ikki nafari esa Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridan edi. Bundan tashqari, avtobus ag‘darilishi oqibatida yana 17 nafar O‘zbekiston fuqarosi turli darajada tan jarohati olgan, ulardan besh nafari mahalliy kasalxonaga yotqizilgan.

Foto: “RikaTV.kz”

O‘zbekiston hukumati jabrlanuvchilar va qurbonlarni vatanga qaytarish uchun 23-iyun kuni Aqto‘bega maxsus bort uchirdi. Mudofaa vazirligi tasarrufidagi maxsus samolyot 24-iyun kuni Toshkentga qaytdi. Fojianing jizzaxlik qurboni maxsus tibbiy avtomashinada Jizzaxga, surxondaryolik qurbon esa “O‘zbekiston havo yo‘llari” ko‘magida Termizga yetkazildi. Shu kuni vodiyda farg‘onalik, andijonlik va namanganlik qurbonlarning dafn marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Bu avtobusda ketayotganlar orasida qishloqdoshlar, aka-ukalar, ota-o‘g‘illar ham bor edi. “O‘zim faqat jarohat oldim, o‘g‘lim halok bo‘lganidan esa iztirobdaman”, — degandi Qozog‘istondagi YTH jabrlanuvchisi, farg‘onalik Ilhomjon Qurbonov. Uning o‘g‘li — 2017-yilning 13-may kuni 30 yoshga to‘lgan Iqboljon 24-iyun kuni Rishtonda tuproqqa topshirildi. Qurbonlarning eng kattasi 36, eng kichigi esa 26 yoshda edi.

23-iyun kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) voqea yuzasidan mamlakat rahbariyatining munosabatini e’lon qildi: “O‘zbekiston rahbariyati halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”. Sentabr oyida esa Qozog‘iston sudi avtobusning ag‘darilib ketishida aybdor deb topilgan haydovchi Leonid Yeremeyevni 5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Sud jarayoni davomida ayblanuvchi avtobusni haydab ketayotib uxlab qolganini tan olgan.

2017-yil 6-oktabr fojiasi

6-oktabr kuni tongda Rossiyaning Vladimir viloyati Pokrov tumanida temiryo‘l kesishmasidan o‘tayotgan Mercedes rusumli avtobusni poyezd urib yubordi. Avtobus 55 nafar o‘zbekistonlikni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan Janubiy Qozog‘iston tomon olib ketayotgan edi. Transport vositasi qozog‘istonlik ikki haydovchi boshqaruvida bo‘lgan (ulardan biri avariya oqibatida halok bo‘lgan). Ma’lum bo‘lishicha, temiryo‘l kesishmasidan o‘tayotganida 1990-yilda ishlab chiqarilgan va, omon qolgan haydovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, “shu vaqtgacha hech buzilmagan” avtobusning akkumulyatori o‘chib qolgan. Yo‘lovchilarning bir qismi avtobusdan tushib, uni surishga uringan, biroq uddalay olmagan — poyezd avtobusga urilib, uni 200 metrgacha sudrab borgan.

Foto: Vladimir viloyati politsiyasi

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 16 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan (ulardan ikki nafari bolalar), 36 nafari tan jarohati olgan. Yana uch kishiga, jumladan, 2012-yilda tug‘ilgan qizaloq — Gulruh Ziyodullayevaga Rossiyaning o‘zida to‘laqonli tibbiy xizmat ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi (Gulruh hatto vertolyotda Vladimirdan Moskvadagi shifoxonaga ko‘chirildi). Yo‘lovchilar orasida hamqishloqlar, bir oila vakillari ko‘p bo‘lgan. Xususan, halok bo‘lgan ikki boladan biri — Gulruhning 2011-yilda tug‘ilgan opasi edi; hodisaning o‘zbekistonlik 15-qurboni Mirshod Mirzoyevning otasi Mirjon Latipov esa og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun unga Rossiyada alohida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Halok bo‘lganlarning asosiy qismi — 14 nafari surxondaryolik edi. Qolgan ikki kishidan biri Andijon, ikkinchisi Buxoro viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan. Jabrlanuvchilarning ham asosiy qismi Surxondaryodan. Bundan tashqari, jabrlanuvchilar orasida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlari, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar ham bor edi.

Foto: “TVC.ru”

6-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzish haqida ko‘rsatma berdi. “O‘zbekiston hukumati YTH oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va jabrlanuvchilarga barcha zarur yordamni ko‘rsatadi”, — deyilgandi bu holat yuzasidan berilgan xabarlarda. Shu kuni o‘zbekistonlik shifokorlar guruhi jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish uchun Rossiyaga jo‘nab ketdi. 8-oktabrda 15 qurbon va 36 nafar jarohatlangan fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi — maxsus bort dastlab Termizga, so‘ng Andijon va Buxoroga parvoz qildi.

11-oktabr kuni FVV Vladimirdagi YTH oqibatida halok bo‘lgan so‘nggi — 16-o‘zbekistonlikning ismini e’lon qildi. Qayd etish joiz, “Rossiya temir yo‘llari” (“RJD”) rahbariyati halokat sodir bo‘lgan kunning o‘zidayoq har bir jabrlanuvchiga 5 ming rubl miqdorida kompensatsiya puli berilishini e’lon qilgan edi.

Avtobusda yonib ketgan 52 o‘zbekistonlik

18-yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida, “Chimkent — Samara” yo‘lining 1068-kilometrida Chimkentdan Rossiyaning Qozon shahriga ketayotgan Ikarus avtobusi harakat davomida yonib ketdi. Yong‘in boshlangan vaqtda avtobusda 57 kishi bo‘lgan. Ularning 54 nafari O‘zbekiston fuqarosi edi.

Avtobus 1989-yilda ishlab chiqarilgan, 2016-yilda texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan. Avtobusga egalik qiluvchi shaxsda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli litsenziya bo‘lmagan; u ayni vaqtda qidiruvga berilgan. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Tugumbayev fojiadan omon qolgan shaxslarning so‘zlariga asoslanib ma’lum qilishicha, yong‘in avtobus salonida kelib chiqqan; salonda dastlab zaharli tutun tarqala boshlagan va bu yo‘lovchilarning gazdan zaharlanishiga olib kelgan. “Eshiklar ochilishi bilan salonga kislorod kirgan va avtobus ichidan portlagan”, — deya taxmin qilgan vazir.

Foto: “RIA Novosti”

Oqibatda 52 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan — bu O‘zbekiston fuqarolarining bir joyda va bir vaqtda qurbon bo‘lishi bilan bog‘liq 2005-yilgi Andijon voqealaridan keyingi eng yirik hodisadir (o‘shanda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 187 kishi halok bo‘lgan). O‘zbekiston FVV 19-yanvar kuni qurbonlardan 29 nafarining ismlarini e’lon qildi — ularning bari Namangan viloyatidan. O‘zbekiston TIVning 19-yanvardagi axborotiga ko‘ra, shaxsi aniqlangan qurbonlar soni 32 nafarga yetgan, biroq ularning ism-shariflari e’lon qilinmagan. Hodisa oqibatida omon qolgan besh kishidan ikki nafari o‘zbekistonlik. Ular ham Namangan viloyatidan — 29 yoshli Ahror Isoqov To‘raqo‘rg‘on tumanining Katta Qurama mahallasidan, 38 yoshli Isroiljon Mirzaahmedov esa shu tumanning Shohond (yoki Shohidon) qishlog‘idan.

Baxtsiz hodisa munosabati bilan 18-yanvar kuni Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham hukumat komissiyalari tuzildi. Bosh vazir Abdulla Aripov rahbar etib belgilangan O‘zbekistondagi maxsus komissiya oldiga avariya natijasida jabrlangan va halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga yetkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni hal etish vazifasi topshirildi. Shu kunning o‘zida maxsus bort Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatiga jo‘nab ketdi. Xabar berishlaricha, hozirgi vaqtda barcha jasadlar Aqto‘be shahriga yetkazilgan, u yerda qozog‘istonlik ekspertlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda tun-u kun sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazmoqda.

Foto: Instagram / @askar_aktileu

O‘z navbatida, Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi qurbonlarning shaxslarini aniqlashda yordam so‘rab jamoatchilikka murojaat qilgan. Vazirlik vakili Almas Sadubayev 12—13-yanvar kunlari Qozog‘iston orqali Rossiyaning Qozon shahriga jo‘nab ketgan shaxslarning uyali telefon raqamlari, shuningdek, boshqa har qanday qo‘shimcha ma’lumotlari (alohida belgilari, shu jumladan tish protezlari, implantlar, muqaddam suyak sinishlari, pasport raqami, uning nusxasi, fotosurat va boshqalar)ni taqdim etishni so‘ragan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni avtobus yong‘ini oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. 19-yanvar kuni Surxondaryoga tashrifi davomida, Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilarkan, Prezident Aqto‘beda o‘zbekistonliklar vafot etganidan chuqur qayg‘uda ekanini aytdi. “Marhumlar haqiga duo qilindi”, — deya xabar berdi Prezident matbuot xizmati. Nafaqat O‘zbekistonda, balki Qozog‘istonda ham juma namozlari halok bo‘lgan 52 o‘zbekistonlikning ruhi poklariga baxshida qilindi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U23 termasi Yaponiyaga qarshi o‘yin oldidan qurbonlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlab, o‘yin davomida qora tasma bilan harakat qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni vaqtda, xorijiy mamlakatlar rahbarlari va rasmiylari fojia munosabati bilan O‘zbekiston davlat rahbariga ta’ziya izhor qildi. “O‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishni chuqur his etib, Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘zimning nomimdan halok bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘rayman”, — deyiladi Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning ta’ziyanomasida. “Mana shunday musibatli kunda butun turk xalqi nomidan qardosh o‘zbek xalqiga sabr-bardosh tilab, marhumlarni Alloh taolo o‘z mag‘firatiga olishini so‘rayman”, — deb ta’kidladi 18-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali bog‘langan Turkiya rahbari.

Muallif:Muhrim A’zamxo‘jayev