Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida avtobus yonishi oqibatida halok bo‘lgan 52 kishining jasadlari sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish uchun Aqto‘be shahriga yetkazildi. Bu haqda 19-yanvar, juma kuni viloyat ma’muriyati matbuot-xizmati ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: “RIA Novosti”

“Hozirgi paytda 52 nafar halok bo‘lganlar barchasining jasadlari avtobusdan chiqarib olinib, Aqto‘be shahriga yetkazildi. Qozog‘istonlik ekspertlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda tun-u kun sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazmoqda”, — deyiladi xabarda.

Boshqarma ma’lum qilishicha, 18-yanvar, payshanba kuni kechqurun O‘zbekistondan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazir Rustam Jo‘rayev boshchiligidagi delegatsiya Aqto‘bega yetib keldi. Delegatsiya tarkibiga sog‘liqni saqlash, ichki ishlar va diplomatiya xodimlari ham kirdi.

“Shu kunning o‘zidayoq Qozog‘iston hukumati boshqarmalararo komissiyasi a’zolari, Aqto‘be viloyati hokimligi rahbariyati O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida bir qator birgalikdagi harakatlar muhokama qilindi”, — deya aniqlik kiritadi matbuot xizmati.