“Rossiya temir yo‘llari” (“RJD”) kompaniyasi Vladimir viloyatidagi avariya oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga 5 ming rubl (taxminan 85 dollar)dan kompensatsiya puli to‘ladi. Bu haqda, kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, UzNews xabar bermoqda.

Foto: Vladimir viloyati politsiyasi

“Barcha jabrlanuvchilarga Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan zarur tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatildi, issiq kiyimlar berildi, ular quruq payoklar bilan ta’minlandi. Shuningdek, har bir jabrlanuvchiga ‘Rossiya temir yo‘llari’ kompaniyasi hisobidan 5 ming rubl miqdorida kompensatsiya to‘landi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 6-oktabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida poyezd va asosan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar ketayotgan avtobus o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan edi. Hodisa oqibatida 17 kishi, jumladan, 16 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.

Shaxsi aniqlangan 15 jasad va 36 jabrlanuvchi 8-oktabr kuni O‘zbekistonning maxsus samolyotida Vatanga qaytarilgan edi. Bir jasadning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda, ahvoli og‘ir uch o‘zbekistonlik esa davolanishni Rossiyada davom ettiradi.