6-oktabr tongida Rossiyaning Vladimir viloyatida avtobus va poyezd to‘qnashuvi oqibatida jarohatlangan o‘zbekistonliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tezkor tibbiy guruh Rossiya Federatsiyasiga uchib ketdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Guruhga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xadjibayev boshchiligidagi malakali jarroh, neyrojarroh, travmatolog, ortoped, reanimatolog-anesteziolog, nevrolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan. Ular zarur tibbiy vositalar, dori-darmon zaxiralari bilan yetarli darajada ta’minlangan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zaxira o‘rinlari tayyorlandi. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomoni jabrlanganlarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatayotgan Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan avtohalokat oqibatida jarohatlangan o‘zbekistonliklarning holati va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashib turibdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Vladimir viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni Mudofaa vazirligi samolyotida Vatanga qaytarish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzish haqida ko‘rsatma berdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari YTHga uchragan fuqarolarning shaxsini aniqlash bo‘yicha tegishli ishlar olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 6-oktabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida avtobus va poyezd to‘qnashuvi yuz bergan, oqibatda avtobusda bo‘lgan 56 nafar o‘zbekistonlikdan 19 nafari halok bo‘lgan edi.