O‘zbekistonning Qozog‘istonda yuz bergan YTH oqibatida 9 nafar vafot etgan, 7 nafar jabrlangan hamda qolgan 31 nafar fuqarosi Aqto‘be shahar aeroportidan Toshkent shahriga 24-iyun soat 11:40 da olib kelindi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “O‘zbekiston havo yo‘llari”

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi maxsus harbiy transport samolyoti joriy yil 23-iyun soat 19:40 da Nukus shahridan jabrlangan va vafot etgan fuqarolarni olib kelish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be shahriga uchib ketgan hamda shu kuni soat 23:00 da Aqto‘be shahar aeroportiga qo‘ngan.

Vafot etgan fuqaro Muzaffar Ergashev maxsus tibbiy avtomashinada Jizzax viloyatiga olib boriladi.

Vafot etgan fuqaro Toshtemir Jumayev “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi ko‘magida Surxondaryo viloyati Termiz shahar aeroportiga yetkaziladi.

Vafot etgan 7 nafar fuqaro 24-iyun soat 12:40 da Mudofaa vazirligining samolyotida Farg‘ona shahar aeroportiga olib kelinib, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qiluvchi yaqinlariga topshiriladi.

Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan dafn etish marosimlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

YTH oqibatida jabrlangan fuqarolarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ular Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi.

Qolgan fuqarolarga doimiy yashash joylariga yetib borishlari uchun amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yil 22-iyun soat 10:20 da Aqto‘be viloyatida “Volgograd — Chimkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Mercedes rusumli avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Avtobusda jami 52 nafar yo‘lovchi bo‘lib, ulardan 50 nafari O‘zbekiston, 2 nafari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning 9 nafar fuqarosi vafot etgan, 7 nafar fuqarosi jabrlanib, Aytikeb tumani shifoxonasiga yotqizilgan. Voqea joyida 10 nafar fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 21 nafar fuqaro YTH oqibatida jabrlanmagan.

O‘zbekiston rahbariyati yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan to‘qqiz nafar o‘zbekistonlikning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.