22-iyun kuni “Samara—Chimkent” trassasaning 946-kilometrida, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida salonida 50 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan edi. Hodisa oqibatida to‘qqiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, 17 nafari tan jarohati olgan edi. Barcha jabrlanuvchilar va qurbonlarning jasadlari 24-iyun kuni maxsus samolyotda O‘zbekistonga olib kelingan. Yuz bergan hodisa munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati hamdardlik izhor qilgan. Kuni kecha O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bir qator jabrlanuvchilar bilan uyushtirilgan qisqa intervyularni e’lon qildi.

Ilhomjon Qurbonov

Qozog‘istondagi YTH jabrlanuvchisi; hodisa oqibatida uning o‘g‘li vafot etgan. Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, “Mehnatobod” qishloq fuqarolar yig‘inida yashaydi.

Cho‘lda ketayotganimizda avtobus birdan ag‘darilib ketib, meni va yonimdagilarni vahima bosdi. Avtobusdagi narsalar ustimizga ag‘darila boshladi. Belim bilan o‘tirg‘ichga zarb bilan borib urildim, nima bo‘lganini tushunolmay qoldim. Odamlarning baqir-chaqiri eshitildi, o‘rnimdan turishga qiynaldim.

Qozog‘iston ichki ishlar xodimlari va yo‘lovchilar to‘xtab, darhol yordam berdi. Biroz vaqt o‘tgach, qutqaruvchilar yetib keldi va barchamizni avtobus ichidan olib chiqdi. Keyin bizni shaharga olib ketishdi.

Hammamizga tibbiy yordam ko‘rsatildi, uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlashdi. Hodisa oqibatida halok bo‘lgan yo‘lovchilarning jasadlarini tobutga solib qo‘yishdi. Shundan so‘ng uzoq yurdik va samolyotga o‘tirib, O‘zbekistonga yetib keldik.

Bo‘lib o‘tgan voqeada o‘g‘lim vafot etganidan qattiq iztirobdaman. Vatanga tezkorlik bilan qaytarib olib kelishgani, ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston Prezidentidan alohida minnatdorman. Agar zudlik bilan Vatanga qaytarishmaganida, bilmadim, holimiz ne kechardi.

G‘ayrat Sayfiyev

Samarqand viloyati, Nurobod tumani, “Jarquduq” qishloq fuqarolar yig‘ini, “Oltio‘g‘il” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi.

Avtobusda haydovchilar almashganini ko‘rdim, oz vaqt o‘tib, o‘zim uxlab qolibman. To‘satdan avtobusga nimadir bo‘ldi. Qo‘rqib ketdim. Bilsam, avtobus ag‘darilib ketibdi. Bemorlarga yordam ko‘rsatishdi, menga hech narsa qilmadi. Biroq, afsuski, avtobusdagi yo‘lovchilarning ayrimlari vafot etgan ekan.

Qozog‘iston politsiyachilari, qutqaruvchilari, shifokorlari bizga yaxshi qaradi. Qanday qilib uyga yetib olar ekanmiz, deb o‘ylab turganimda, yaxshi hamki, samolyot keldi va barchamiz Vatanga qaytdik. Mana shunday g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston rahbariyatidan minnatdormiz. Qozog‘istonga yuborilgan samolyot, ko‘rsatilgan har tomonlama yordam uchun rahmat!

Nurali Qodirov

Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani, Ulug‘bek ko‘chasi, 39-uyda yashaydi.

Nima bo‘layotganini o‘zim ham bilmay qoldim. Birdan avtobusda odamlarning vahimali ovozlari eshitildi. Qo‘limni urib oldim, boshqa joyimga hech narsa qilmadi. Bir kundan so‘ng O‘zbekistondan samolyot uchib keldi va biz Vatanga qaytib keldik. Biz bilan birga bo‘lgan odamlarning vafot etgani achinarli.

O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga alohida minnatdorlik bildiramiz. Bizga yaqindan yordam ko‘rsatgani uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi xodimlariga rahmat.

Behruzbek Xolmatov

Surxondaryo viloyati, Uzun tumani, “Telpakchilar” qishloq fuqarolar yig‘ini, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi.

Avariya bo‘lgan vaqt juda ham qo‘rqib ketdim — oldim o‘tirganlarning boshidan jarohat olganini ko‘rdim. Yo‘ldagi o‘tkinchi avtomobillarning yo‘lovchilari kelib yordam berdi. Vafot etganlar ham bor ekan, ularni ham olib chiqishdi.

Hammamizni qandaydir binoga olib ketishdi, biz u yerda dam oldik. Qozog‘iston ichki ishlar xodimlari bizdan nima bo‘lganini so‘rab oldi. Bir kundan so‘ng samolyotga o‘tirib, O‘zbekistonga qaytib keldik.

Ko‘rsatilgan yordam uchun rahmat aytamiz. O‘zbekistonda insonparvarlikka, muhtoj odamga yordam qo‘li uzatilishiga, hech kim hech qachon e’tibordan chetda qolib ketmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim.