Qozog‘iston sudi o‘zbekistonlik to‘qqiz kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan YTHda aybdor deb topilgan haydovchini besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Diapazon” nashri xabar bermoqda.

Foto: “Diapazon”

Ikki qavatli avtobus teskari yo‘lga chiqib ketib, ag‘darilishi oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi. Transport vositasi ichida ikki haydovchi va 49 yo‘lovchi bor edi. Yo‘lovchilarning deyarli barchasi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlar edi. Ularning 20 nafari jarohat oldi.

Avtobusni Jambul viloyati vakili bo‘lgan haydovchi Leonid Yeremeyev boshqarib ketayotgan edi. U o‘sha zahotiyoq hibsga olingan edi, lekin sud hukmi endi o‘qildi.

Sud viloyatning Aytekebiy tumanida o‘tkazildi. Ayblanuvchi YTH tafsilotlarini gapirib berarkan, mashinani boshqarib ketayotgan paytda uxlab qolganini tan oldi.

Uning sherigi, ikkinchi haydovchi har to‘rt soatda almashib turishganini xabar qildi. Shunga qaramay, Yeremeyev uxlab qolgan.

Leonid Yeremeyev yetti yil davomi avtotransport boshqarish huquqidan mahrum etildi. Shuningdek, u sud jarayoniga sarflangan 699 ming tenge pulni davlatga to‘lab beradi.