O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Vladimir viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni Mudofaa vazirligi samolyotida Vatanga qaytarish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzish haqida ko‘rsatma berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

O‘zbekiston hukumati YTH oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va jabrlanuvchilarga barcha zarur yordamni ko‘rsatadi. Bu haqda, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari YTHga uchragan fuqarolarning shaxsini aniqlash bo‘yicha tegishli ishlar olib bormoqda.

Avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni salqash vazirligi YTH oqibatida jabrlangan fuqarolarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha guruh tuzilgani va u Rossiyaga uchib ketishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 6-oktabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida avtobus va poyezd to‘qnashuvi yuz bergan, oqibatda avtobusda bo‘lgan 56 nafar o‘zbekistonlikdan 19 nafari halok bo‘lgan edi.