Qozog‘istonda 22-iyun kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan farg‘onaliklarning dafn marosimlari 24-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

“Samara—Chimkent” trassasining 946-kilometrida, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 22-iyun kuni salonida 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ikki qavatli Mercedes avtobusi ag‘darilib ketgan edi. Hodisa oqibatida to‘qqiz o‘zbekistonlik, xususan, asli Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi Anvarjon Xolboyev, Iqboljon Qurbonov va Zohidjon Qodirov halok bo‘lgan.

Ularning jasadlari 24-iyun kuni peshinda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Farg‘ona shahar aeroportiga olib kelingan va viloyat mas’ullari hamrohligida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan qishloqlarga yetkazilgan.

Xabar berishlaricha, mas’ullar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Yozyovonlik Anvarjon Xolboyev 28 yoshda, beshariqlik Zohidjon Qodirov esa 35 yoshda edi. Anvarjondan ikki nafar farzand, Zohidjondan esa uch nafar farzand qoldi.

Hodisa qurbonlaridan biri — rishtonlik Iqboljon Qurbonov Qozog‘istonda ag‘darilgan avtobusda otasi — Ilhomjon Qurbonov bilan birga edi. Ilhomjon aka Farg‘onadagi kasalxonaga yotqizilgan, biroq 24-iyun kuni kasalxonani tark etgan. 13-may kuni 30 yoshga to‘lgan Iqboljon aynan 24-iyunda yerga qo‘yildi — undan bir qiz qoldi.

Avvalroq Qozog‘istonda yuz bergan YTH oqibatida vafot etgan namanganlik va andijonlik fuqarolar dafn etilgani haqida xabar berilgan edi.