Qozog‘istonda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan andijonliklarning dafn marosimlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

“Samara—Chimkent” trassasining 946-kilometrida, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 22-iyun kuni salonida 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ikki qavatli Mercedes avtobusi ag‘darilib ketgan edi. Hodisa oqibatida to‘qqiz o‘zbekistonlik, xususan, Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi Shohruxbek Aliyev va O‘lmasbek Qahhorov vafot etgan.

Ularning jasadlari 24-iyun kuni peshinda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Farg‘ona shahar aeroportiga olib kelingan va aeroportdan viloyat mas’ullari hamrohligida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan qishloqlarga yetkazilgan. Shohruxbekning ham, O‘lmasbekning dafn marosimlari shu kuni mahalliy vaqt bilan 19:00 da bo‘lib o‘tgan. Mas’ullar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Asli bo‘zlik Shohruxbek Aliyev 2017-yilning aprel oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan, 22-iyun kuni uyga qaytish uchun Rossiyaning Orenburg shahridan avtobusga chiqqan edi. 26 yoshli Shohruxbek oilali edi — undan bir qiz qoldi. Shohruxbek Aliyev 24-iyun kuni “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Zavroq” qabristoniga dafn etildi.

1982-yili Marhamat tumanida tug‘ilgan O‘lmasbek Qahhorov Rossiyaga 2016-yil sentabrida, ishlash uchun ketgan. Xabar berishlaricha, Qahhorov Qozog‘iston hududida yuz bergan avtohalokat natijasida hodisa joyida jon bergan. Ikki o‘g‘il va bir qizning otasi bo‘lgan O‘lmasbek Qahhorov 24-iyun kuni Marhamat tumanidagi “Qo‘ratepa” qabristoniga dafn etildi.

Avvalroq Qozog‘istonda yuz bergan YTH oqibatida vafot etgan namanganlik fuqarolar dafn etilgani haqida xabar berilgan edi.