XX asrda Gollivud aktyorlariga qo‘yilgan mazkur talablar, aniqrog‘i, majburiyatlarni o‘qib hayron qolishingiz aniq.
Ular ko‘p yillarga shartnoma imzolashardi
Avvalgi Gollivud aktyorlari bir necha yil davomida bitta studiyada ishlashga majbur qiladigan shartnomalar imzolardi. Odatda studiyalar shartnomalarga keyingi 5-10 yil mobaynida faqat o‘z filmlarida suratga tushishlari mumkinligini kiritib qo‘yardi. Shu tariqa aktyorlar studiyaga ipsiz bog‘lanardi. Buning ustiga, ular film tanlash huquqiga ega emasdi — ularga qaysi filmda suratga tushishlari aytilardi va ular e’tiroz bildirisholmasdi.
Ular ismlarini o‘zgartirishga majburlanardi
Zamonaviy Gollivudda aktyorlar ismlarini tez-tez o‘zgartiradi. Ba’zan shunga majbur bo‘lishadi: aktyor Kinoaktyorlar gildiyasiga a’zo bo‘lgach, xuddi shu nom ostida boshqa aktyor faoliyat yuritayotganini bilib qoladi. Masalan, aslida Maykl Duglas bo‘lib tug‘ilgan Maykl Kiton bilan shunday bo‘lgan. U bu nom ostida o‘ynay olmagan, chunki Gildiyada allaqachon Kirk Duglasning o‘g‘li Maykl Duglas bor edi. Ba’zida esa aktyorlar o‘z xohishlari bilan ismlarini o‘zgartirgan: Vaynona Rayder aslida Vaynona Lora Horovits, Jeymi Foks — Erik Melon Bishop, Martin Shin esa Ramon Herardo Antonio Esteves bo‘lgan.
Biroq eski Gollivudda ismlarni o‘zgartirish masalasi ancha jiddiy edi. Aktyorlar karyeralarining boshidanoq shartnomalar imzolashar va ko‘pincha ismni o‘zgartirish majburiy bandlardan biri bo‘lardi. Gollivudda meksikalik, yevropalik, avstraliyalik va boshqa kelib chiqishga ega aktyorlar ko‘p bo‘lib, ularning ismlari ham shunga mos edi. Biroq studiyalar Bernard Shvarts yoki Leva Rozental ismli aktyorlar bilan ishlashini istamasdi. Shu sababli ularga boshqa ismlar berilardi: Bernard Shvarts Toni Kertisga, Leva Rozental esa Li Grantga aylandi. Hatto Merilin Monro ham aslida Norma Jin Mortenson edi.
Ketrin Hepberngacha shim kiyish mumkin bo‘lmagan
Yigirmanchi asr Gollivudida ma’lum bir kiyinish qoidasi mavjud edi: ko‘ylak, yubka va ayollikni ta’kidlaydigan boshqa kiyimlar. Aktrisalar o‘zlariga yoqmagan va boshqa odamlar tanlagan kiyimlarni kiyishga majbur bo‘lishardi. Ammo Ketrin Hepbern tufayli hammasi o‘zgardi. U intervyularida bolaligida o‘g‘il bolalarga havas qilganini, chunki ularning davrasi doim qiziq bo‘lganini, shu sababli akasining kiyimlarini kiyganini aytardi. Ketrinning erkaklar kiyimiga bo‘lgan muhabbati yillar o‘tib ham so‘nmadi. Ko‘plab studiyalar e’tiborini tortgan mashhur va talabgir aktrisaga aylanganidan so‘ng, Ketrin Gollivud aktrisasi uchun mumkin bo‘lmagan shimda yura boshladi. Uni ko‘ylak kiyishga undashsa-da, u bunga ko‘nmadi. Bir safar esa Hepbern hammaga o‘xshab kiyinishi uchun uning shimini studiyada o‘g‘irlab ketishadi. Biroq Ketrin grimxonadan shimsiz chiqib, shimini qaytarib berishguncha shunday yuradi. Keyinchalik aktrisadan Marlen Ditrix, Bett Devis, Greta Garbo, Jin Harlou, Mirna Loy, Lyusil Boll, Judi Garlend, Hedi Lamarr va boshqalar o‘rnak olishadi.
Aktrisalar uchun homiladorlik juda katta muammo hisoblangan
O‘sha paytlarda aktrisa tug‘sa, tug‘uruq ta’tili o‘rniga shartnomada ko‘rsatilgan katta miqdordagi jarimalarni to‘lashga majbur bo‘lardi. Shu bois aktrisalar kinodan ketish, farzand ko‘rish va unga munosib kelajakni ta’minlash uchun yetarli pul topmaguncha bunday qilishdan o‘zlarini tiyishgan. Aynan shu sababli aktrisalar farzandlari bilan kamdan kam hollarda kameralar oldida ko‘rinishardi, chunki ularning farzandlari bo‘lmasdi. Ana shu vaziyat tufayli Judi Lyuis qizi Loretta Yangni jamoatchilikdan yashirishga majbur bo‘lgan. Avvaliga u homiladorligini hammadan yashirgan, Loretta tug‘ilgandan so‘ng esa onaligini sir tutgan. Natijada Yangning bolaligi onasidan uzoqda o‘tgan.
Vaznni belgilangan doirada ushlab turish zarurati
Ko‘pchilik aktrisalar doimo vaznini nazorat qilishga intiladi, chunki ozg‘inlarga film yoki serialda o‘ynash imkoniyati ko‘proq bo‘ladi. Bugungi kunda bu shunchaki rasmiyat bo‘lsa-da, ilgari ozg‘inlik eng muhim talab hisoblangan. Agar aktrisa ortiqcha vaznga ega bo‘lsa, bir necha hafta ichida avvalgi holatiga qaytish uchun qat’iy parhezga amal qilishi shart edi. 14 yoshli Judi Garland uzoq vaqt davomida faqat tovuq sho‘rva va bir kunda bir necha chashka qora qahva ichgan. Greta Garbo esa Los Anjelesga kelgach, o‘zining standartlarga mos kelmasligini bilib, shu zahoti faqat ismaloqdan iborat parhezga o‘tadi.
Aktyorlar uchun juft tanlab berishardi
Ba’zida aktyorning sevgilisi prodyuserlarning qarashlariga zid bo‘lardi, chunki bunday juftlik butun studiyaning obro‘siga putur yetkazishi mumkin deb hisoblanardi. Bunday holatning eng yorqin misoli oq tanli aktrisa Kim Novak va qora tanli qo‘shiqchi hamda aktyor kichik Semmi Devis o‘rtasidagi munosabatdir. 1948-yilda, ya’ni Kim Semmi bilan uchrashishidan bir necha yil oldin 23 shtatda irqlararo nikohlar taqiqlangan va amerikaliklar 96 foizi bu holatni qo‘llab-quvvatlagandi. Columbia Pictures studiyasi prezidenti o‘zining asosiy aktrisalaridan biri Semmi bilan uchrashayotganini bilgach, Kimni va eng muhimi, Semmini qo‘rqitish uchun haqiqiy gangsterlar bilan bog‘lanadi. Niyatlarining jiddiyligini ko‘rsatish uchun Semmini bir necha soatga o‘g‘irlab, shart qo‘yishadi: yo u ikki kun ichida qora tanli qizga uylanadi, yok hech qachon hech kimga uylana olmaydigan qilib qo‘yishadi. Devis shunchalik qo‘rqib ketadiki, unga turmushga chiqib, bir yilgacha ajrashib ketmaslik sharti bilan raqqosa Lorey Uaytga katta pul to‘laydi.
Izoh (0)