Aviatsiya sohasida 10 yillik tajribaga ega bort kuzatuvchi Ale Pedrosa samolyotda sayohat qiluvchi yo‘lovchilarni ogohlikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, parvoz paytida uyquga ketish hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Bu haqda Mirror nashriga tayangan holda “Glavred” xabar berdi.

Pedrosaning ta’kidlashicha, ko‘pchilik yo‘lovchilar samolyot bortida eng oddiy xavfsizlik qoidalariga amal qilmaydi, eng keng tarqalgan xatolardan biri bu uchish yoki qo‘nish vaqtidan avval uyquga ketishdir.
“Tushunaman, uzoq safar va sayohatlar insonni charchatadi. Samolyotga chiqiboq uxlash istagi paydo bo‘lishi mumkin. Ammo aynan uchish va qo‘nish paytida hushyor bo‘lish kerak. Bu favqulodda holat yuz berganda tezlik bilan harakat qilish imkonini beradi”, deydi styuardessa.
Bundan tashqari, uchish yo‘lagida harakat paytida eshitiladigan baland tovushlar yo‘lovchini qo‘rqitishi yoki chalg‘itishi mumkin. Aynan shu bosqichda favqulodda holatlar yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Pedrosa samolyotda spirtli ichimliklar borasida ham ogohlantirish berdi. U yo‘lovchilarga o‘zlari bilan olib kelgan spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslikni tavsiya qildi.
“O‘zlari bilan olib kelgan alkogolni ichish ko‘plab mamlakatlarda qonunga zid hisoblanadi. Bort kuzatuvchilar sifatida biz sizning boshqalarga zarar yetkazmasligingizga ishonch hosil qilishimiz kerak”, deydi u.
Styuardessaning yana bir tavsiyasi bu shaxsiy gigiyenaga e’tibor berishdir, xususan, samolyotda yalangoyoq yurish qat’iyan tavsiya etilmaydi.
“Oyoq kiyimingizni o‘tirgan joyingizda yechsangiz bo‘ladi. Ammo yo‘lak bo‘ylab yoki hojatxonaga yalangoyoq yurib bormang”, deya yakunladi Pedrosa.
Izoh (0)