Hukumatning “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari joriy qilinadi:
- mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi sanoat turizmi;
- oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlarida texnologik jarayonlarni, shu jumladan, tog‘ jinslarini portlatish tadbirlarini bexatar masofadan kuzatish, mutaxassislar bilan muloqot qilish, tog‘ relyeflari bo‘yicha ekskursiyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi geologiya turizmi;
- ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylar, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurish orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi ilmiy turizm;
- harbiy tarix va faoliyat bilan bog‘liq joylarga tashrif buyurish, yodgorliklar va tadbirlarda qatnashish, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan yaqindan tanishish, hududlarda turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutuvchi harbiy turizm;
- mamlakatning siyosiy hayoti, davlat organlari va tashkilotlarining tarixi va faoliyatini aks ettiruvchi joylarga, xususan, hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy va xorijiy turistlarga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi:
- “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli Kuchlar” davlat muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bog‘larida harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirish;
- Mudofaa vazirligining Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yish.
Avvalroq Paypal, Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda ham ishlashi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)