Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Jahon turizm tashkiloti (YUNVTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, BMT tizimidagi ushbu yetakchi sohaviy tashkilot bilan O‘zbekistonda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish va yurtimizga turizm yo‘nalishlarini ommalashtirish borasida hamkorlikni yanada ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Suhbat avvalida bosh kotib MBT tuzilmalari va institutlari nomidan davlat rahbarini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Turizm tarmog‘ining joriy yildagi bosh xalqaro tadbiri – oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lajak YUNVTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekistonda zamonaviy va qulay turizm infratuzilmasini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yetakchi investorlar – taniqli xorijiy kompaniya va brendlarni jalb qilish masalasida amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mamlakatda xalqaro imijni ilgari surish, taʼlim sohasi va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida qo‘shma chora-tadbirlar majmui amalga oshiriladi, jumladan, YUNVTO Xalqaro akademiyasi va mavzuli ofisi tashkil etiladi.
Izoh (0)