Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrim masalasini faqat o‘t ochish to‘liq to‘xtatilgandan so‘ng muhokama qilish mumkinligini bildirdi. Davlat rahbari AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Ukrainaning Qrim ustidan nazoratni qaytarish uchun yetarli qurol-yarog‘i yo‘qligi masalasida hamfikr ekanligini ta’kidlagan.

“Bu masalalarni ko‘tarish, hududiy masalalarni muhokama qilish uchun sanksiyaviy, iqtisodiy va diplomatik bosim o‘tkazish imkoniyatlarimiz bor. Lekin faqat o‘t ochish to‘liq va so‘zsiz to‘xtatilgandan keyingina barcha masalalar haqida gapirish imkoniyatini beradi”, - deya ta’kidlagan u brifingda.
Shuningdek, u Ukraina har qanday formatda, har kim bilan va har qanday vaqtda muloqotga tayyor ekanligini qo‘shimcha qilgan. Bunda Ukraina vaqtincha bosib olingan hech qanday hududlarni yuridik jihatdan Rossiyaga tegishli deb tan olmaydi va faqat Ukraina xalqigina qaysi hududlar Ukrainaga tegishli ekanligini aniqlash huquqiga ega.
"Vaqtincha bosib olingan barcha hududlar - bu Ukrainadir. Bu Konstitutsiyada mustahkamlangan va bu pozitsiya o‘zgarishsiz qoladi. Dunyoning aksariyat davlatlari bizni bu borada qo‘llab-quvvatlamoqda, hatto biz va Rossiya o‘rtasida muvozanatni saqlashga urinayotganlar ham”,- dedi Zelenskiy.
AQSH 17-aprel kuni Ukraina delegatsiyasiga Tramp tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasini taqdim etgan. Ushbu hujjat AQSHning urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan “so‘nggi taklifi” hisoblanadi. Agar Ukraina bu rejani rad etsa, AQSH Kiyev va Moskva o‘rtasidagi vositachilik rolidan voz kechishini ma’lum qilgan.
Rejaning eng bahsli bandlaridan biri — AQSHning Qrim ustidan Rossiya nazoratini tan olishga tayyorligi sanaladi. Zelenskiy bu borada aniq pozitsiyasini bildirgan. U Qrim Ukraina xalqiga tegishli ekanini va bu bahslashmasligini aytgan. Tramp esa buni tanqid qilib, “Qrim ko‘p yillar oldin qo‘ldan ketgani”, Zelenskiyning so‘zlari esa “tinchlik muzokaralariga zarar yetkazishi”ni ta’kidlagandi.
Zelenskiy mazkur tanqidga javoban Ukraina har doim o‘z konstitutsiyasiga muvofiq harakat qilishini va hamkorlardan, xususan, AQSH o‘zining kuchli qarorlariga muvofiq harakat qilishiga mutlaqo ishonishini bildirgandi.
Izoh (0)