AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib bordi. U muzokaralarni “ishonchli” deb atadi, shuningdek, tinchlik kelishuvidagi “beshta hudud”ni ham tilga oldi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

U (Putin) bilan uchinchi marta uchrashyapmiz. Oxirgi uchrashuv taxminan besh soat davom etdi. O‘sha paytda xonada uning ikki asosiy maslahatchisi Yuriy Ushakov va Kirill Dmitriyev bor edi. Uchrashuv juda qiziqarli bo‘ldi va yakunda biz yakdil fikrga keldik, dedi Uitkoff.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va AQSHga bunga erishishi uchun “vaqt kerak bo‘lgan”.
Putinning talabi — doimiy tinchlikka erishish. Shunday qilib o‘t ochishni to‘xtatishdan tashqari, biz bu masalaga ham javob topdik, deya ta’kidladi Tramp vakili.
Uitkoffning ma’lum qilishicha, umumiy kelishuvning asosi “besh hudud” atrofida shakllanadi.
Tinchlik kelishuvi shu mashhur besh hududga taalluqli, lekin bu undan ham kengroq masala. Biz butun dunyo tinchligi uchun juda muhim bo‘lgan bir narsaning ostonasida turgan bo‘lishimiz mumkin, dedi u.
Shuningdek, siyosatchi Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zgartirish imkoniyati borligini aytib, “bu mintaqada haqiqiy barqarorlikni ta’minlay oladigan juda jozibador tijoriy imkoniyatlar mavjud”, deb qo‘shimcha qildi.
Uitkoff 11-aprel kuni Sankt Peterburgda Rossiya prezidenti bilan uchrashdi. Tomonlar Ukrainadagi vaziyatni hal qilishning ehtimoliy yo‘lini muhokama qildi. Rossiya tomoniga ko‘ra, muloqot 4,5 soat davom etgan.
Uitkoff urushni tugatish kontekstida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. Xususan, Taker Karlsonga bergan shov-shuvli intervyusida u “bu mojaroning eng katta muammosi to‘rt hudud” ekanini aytgandi. Uning fikricha, gap “Donbass, Qrim, Lugansk va yana ikkitasi” haqida bormoqda.
Reuters agentligining yozishicha, AQSH elchisining Rossiya bosqiniga doir bunday bayonotlari Oq uy va respublikachilar tanqidiga sabab bo‘lgan.
Izoh (0)