Meril Strip zamonamizning eng buyuk aktrisalaridan biri. Yarim asrlik faoliyati davomida u kino, teatr va televideniyeda yuzdan ortiq rollarni ijro etgan. U uchta “Oskar”, ikkita BAFTA mukofoti va to‘qqizta “Oltin globus” qatori yuzlab nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan. Shuningdek, Meril Strip “Oskar”ga eng ko‘p nomzod ko‘rsatilgan aktrisadir (17 marta eng yaxshi ayol roli va 4 marta eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli uchun).
Meril Stripning o‘ziga xos xususiyati turli xil lahjalarni mohirona taqlid qila olish qobiliyatidir. Barbara Streyzanddan o‘zlashtirilgan bu mahoratni u aktyorlik san’atining ajralmas qismi deb hisoblaydi, chunki usiz personajni to‘laqonli gavdalantirish mumkin emas. Biroq bu uning ijodida namoyon bo‘lgan Stripning serqirra iste’dodining faqat bir qirrasidir.
“Bug‘u ovchisi”
1977-yildagi “Juliya” filmidagi Enn Marining epizodik roli Meril Stripning kino karyerasini boshlab berdi. Bir yil o‘tgach, Robert De Niro bilan “Bug‘u ovchisi” harbiy dramasida rol ijro etishi unga keng shuhrat keltirdi va ikkinchi darajali eng yaxshi ayol roli uchun birinchi marta “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi.
“Kramer Kramerga qarshi”
“Kramer Kramerga qarshi” filmi Meril Stripga eng yaxshi yordamchi ayol rol uchun birinchi “Oskar” mukofotini keltirdi. Bosh rollarni Dastin Xoffman va Jastin Genri ijro etgan. Garchi ularning oldida Stripning ekrandagi vaqti ancha kam bo‘lsa-da, uning qahramoni dastlabki ssenariyda ko‘zda tutilganidan ko‘ra jonliroq va ta’sirliroq bo‘lib chiqdi.
Joanna Kramer (Strip) — “o‘zligini topish” uchun eri va yosh o‘g‘lini tashlab ketgan uy bekasi. Yangi joyga joylashgach, u sud orqali sobiq eridan bolaning vasiyligini tortib olishga harakat qiladi. Biroq bir yarim yil ichida ota va o‘g‘il ikkalasi hayotlarini yo‘lga qo‘yishga ulgurgan, endi esa Joanna buzg‘unchi rolida namoyon bo‘ladi.
“Sofining tanlovi”
Alan J.Pakulaning “Sofining tanlovi” dramasi aktrisa uchun haqiqiy sinov bo‘ldi va u buning uchun eng yaxshi ayol rol ijrochisi sifatida birinchi “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi. Osvensimdan omon qolgan polyak muhojir ayolning murakkab, chuqur hissiyotlarga to‘la roli Meril Strip filmografiyasidagi eng esda qolarli rollardan biriga aylandi.
Uning qahramoni Bruklinda shizofreniyadan aziyat chekayotgan sevgilisi Natan (Kevin Klayn) bilan birga yashaydi. Bir kuni ularning hayotiga yosh yozuvchi Stingo (Piter MakNikol) kirib keladi. Asta-sekin Stingo Sofining o‘tmishi va natsistlar asirligida qilishga majbur bo‘lgan dahshatli tanlovi haqida bilib oladi.
“Medison okrugi ko‘priklari”
1995-yilda Klint Istvudning “Medison okrugi ko‘priklari” nomli melodramasi ekranlarga chiqdi. Istvud bilan ijodiy hamkorligi Meril Stripga navbatdagi “Oskar” nominatsiyasini keltirdi.
Merosni ko‘zdan kechirayotib, Maykl va Karolin Jonsonlar bir nechta kundaliklar topib oladi. Ulardan yaqinda vafot etgan onalari Francheskaning (Strip) hayotida to‘rt kun bo‘lganini va u bu kunlar xotirasini umrining oxirigacha asrab kelganini bilib oladi. Ma’lum bo‘lishicha, 30 yil oldin ular otasi bilan yarmarkaga ketishganida, ularning fermasiga National Geographic jurnali suratchisi Robert Kinkeyd (Istvud) tashrif buyurgan ekan. U noyob yopiq ko‘priklarni suratga olishi kerak bo‘lgan va Francheska uni kuzatib borgan. Shunday qilib, ularning qisqa, ammo his-tuyg‘ularga to‘la sevgi munosabatlari boshlangan.
“Qattiqqo‘l xonim”
Devid Frenkelning “Qattiqqo‘l xonim” filmi Meril Stripga yana bir bor tengi yo‘q buyuk aktrisa ekanligini isbotlash imkonini berdi.
Filmning markaziy qahramoni moda jurnaliga bosh muharrirning kichik yordamchisi sifatida ishga joylashgan jurnalist Andrea Saks (Ann Xeteuey)dir. Qiz o‘z nashrining mavzusidan uzoq bo‘lsa-da, qattiqqo‘l va hukmron boshliq ta’siri ostida asta-sekin o‘zgarib, o‘zining yangi, takomillashgan versiyasiga aylanib boradi.
Film ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi va Stripning ijrosini nafaqat tanqidchilar, balki uning qahramoni prototipiga o‘xshash Vogue bosh muharriri Anna Vintur ham e’tirof etadi.
Izoh (0)