Kino sanoati raqobat va fitnalar bilan mashhur bo‘lsa-da, shon-shuhrat va muvaffaqiyat haqiqiy do‘stlikka to‘siq bo‘la olmaydi. O‘n yillar davomida samimiy munosabatlarini saqlab qolgan aktyorlar haqida gaplashamiz.
Bred Pitt va Jorj Kluni
Ularni 20 yildan ortiq vaqtdan buyon do‘stona munosabatlar va kinodagi hamkorlik bog‘lab kelmoqda. Barchasi “Oushenning o‘n bir do‘sti” filmi bilan boshlandi — bu jinoiy janrning mashhur klassikasi butun boshli franshizaga hamda uning asosiy yulduzlari o‘rtasidagi do‘stlikka asos soldi.
Oushen trilogiyasidan tashqari, Bred Pitt va Jorj Klunining hamkorlikdagi loyihalari orasida aka-uka Koenlarning “O‘qigach yoqib yubor” komediyasi va Klunining rejissyorlik debyuti “Xavfli odamning e’tiroflari” alohida ahamiyatga ega. 2024-yil kuzida “Yolg‘iz bo‘rilar” nomli komedik jangari filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh rollarni ikki qadrdon do‘st ijro etdi. Aktyorlar bir-birlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashadi, chunki bu do‘stlik uchun juda muhim.
Riz Uizerspun va Nikol Kidman
“Katta-kichik yolg‘on” serialida Riz Uizerspun va Nikol Kidman nafaqat bosh rollarni ijro etishdi, balki loyihaning ijrochi prodyuserlari sifatida ham faoliyat yuritishdi. Ularning hamjihatligi tufayli ko‘p qismli drama ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi va aktrisalar do‘stlashib qoldi.
Tig‘iz ish jadvaliga qaramay, Uizerspun va Kidman muntazam ravishda birga vaqt o‘tkazadi — bu qahva ichish, birgalikda sayr qilish yoki xayriya tadbirlarida bo‘lishi mumkin.
Metyu Makkonaxi va Vudi Harrelson
Bu qadrdon do‘stlar hazillashib bir-birlarini “turli onalardan tug‘ilgan aka-ukalar” deb atashadi. Metyu Makkonaxi va Vudi Harrelson 25 yil oldin “Ed” filmini suratga olish paytida tanishgan. Yulduzlar har yili oilalari bilan birgalikda dam olish va dunyo bo‘ylab sayohat qiladi.
Dryu Berrimor va Kemeron Dias
Aktrisalar o‘smirlik paytlarida tanishgan. O‘sha vaqtda 16 yoshli Dias allaqachon modellik qilayotgan, 14 yoshli Berrimor esa Beverli-Xillzdagi qahvaxonada ofitsiant edi. Ayniqsa, ular “Charli farishtalari” filmining suratga olish chog‘ida juda yaqinlashib ketishdi. Bu filmda ular Lyusi Lyu bilan birgalikda dunyoni yovuzlardan qutqargan.
Kem va Dryu birgalikda filmlarda suratga tushishadi, sayohat qilishadi, baxtli onlarni boshdan kechirishadi, qiyin damlarida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashadi.
Izoh (0)