Mashhur amerikalik aktyor Bred Pitt, ilgari uchinchi bor uylanishni istamagan bo‘lsa-da, fikrini o‘zgartirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Anjelina Joli bilan bo‘lgan mojaroli ajrimga qaramay, aktyor uylanishga qaror qilgan va hatto qallig‘i — 32 yoshli zargarlik buyumlari dizayneri Ines de Ramonning qo‘lini so‘ragan.

Hindustan Times xabar berishicha, juftlik munosabati uch yil avval boshlagan. Insayderlarga ko‘ra, Bred Pitt Yangi Zelandiyaga olti haftalik safarda film suratga olish ishlari uchun jo‘nab ketishidan avval Inesga turmush qurish taklifini bildirgan.
“Bred va nihoyat Anjelina bilan o‘tgan uzoq ajrim jarayoni va o‘tmishdan o‘zini ozod his qilmoqda. Aktyorning ish safarlari qanchalik uzoqqa bormasin, u Inesga har doim yonida bo‘lishini bildirgan, deydi juftlikka yaqin manba.

Juftlik joriy yil yoz fasli oxiri yoki kuz boshida to‘y qilishni rejalashtirgan. Ular kichik marosim o‘tkazib, unga faqat yaqin qarindoshlar, do‘stlar va ayrim Gollivud yulduzlarini taklif qilmoqchi.
Ma’lumki, bu Pittning hayotidagi uchinchi nikoh bo‘ladi. Uning birinchi rafiqasi “Do‘stlar” seriali yulduzi Jennifer Eniston edi. Ular 2000-yilda turmush qurib, besh yildan so‘ng ajrashgan.

Pitt va Joli munosabatlari esa 11 yil davom etgan. Ular 2014-yilda turmush qurib, oradan ikki yil o‘tib ajrashishga qaror qilgan. 2019-yilda rasmiy ajrashish uchun hujjat topshirgan va faqatgina 2024-yil oxirida ajrim hujjatlari rasman imzolangan. Juftlikning olti nafar farzandi bor.
Izoh (0)