Samarqand shahrida ko‘chada hech bir sababsiz baqir-chaqir qilib, aholi tinchini buzgan erkak jazolandi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Maʼlum bo‘lishicha, 34 yoshli fuqaro Samarqand shahrida 14-aprel kuni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, mast holatda hech bir sababsiz baqir-chaqir qilgan va aholi tinchini buzgan.
“Shu kun mast edim. Jahl ustida videoni yoqib so‘kindim va videoni sahifamga joyladim. Barchadan uzr so‘rayman”, deydi u.
Mazkur shaxs ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida nojo‘ya gaplar mavjud bo‘lgan videolarni tarqatib kelgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan mazkur fuqaro Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topildi.
Unga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bundan avval Surxondaryoda YPX xodimini urib, kiyimlarini yirtib tashlagan ayollar uzr so‘ragan edi.
Toshkentda o‘z “Gelik”ining oynasini sindirgan er-xotin sud qilingan edi. Shuningdek, Samarqandda axloqqa zid harakatlar qilib, ijtimoiy tarmoq “yulduzi”ga aylanganlar uzr so‘rab chiqdi.
2024-yilning iyun oyida 21 yoshli qiz viloyatliklarni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqorat qilib, shu qilmishi uchun 15 sutkaga qamalgandi. O‘sha yilning iyul oyi o‘rtasida Instagramʼdagi jonli efirda “qishloqilar odammas” deya haqoratlagan qiz jarimaga tortilgan edi. Instagram’da salbiy fikr bildirgan kuzatuvchilarga javob tariqasida behayo so‘zlar bilan viloyatliklarni haqorat qilgan qiz 10 sutkaga qamalgandi.
Shuningdek, Toshkent aholisini haqorat qilgan qiz 10 sutkaga qamalgan edi.
Izoh (0)